Yevropa banklari Qirg‘izistondagi Qambarota GESi qurilishini moliyalashtirishga rozi bo‘lishdi

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki Qambarota GES-1 loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadi. Bryusselda mazkur tashkilotlar bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston energetika vazirliklari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi O‘zbekiston vazirligi matbuot xizmati.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, kelishuvlar xalqaro moliya institutlari rahbarlari va taniqli siyosatchilar, jumladan, xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yozef Sikela ishtirok etgan Global Gateway forumi doirasida imzolangan.

Tadbir doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyoda sheriklik muloqoti ham bo‘lib o‘tdi. Mintaqaviy energetika sohasini rivojlantirish masalalari muhokamasiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari bilan bir qatorda Tojikiston va Turkmanistonning tegishli vazirliklari vakillari ham qo‘shildi.

Bundan tashqari, Global Gateway forumi doirasida Yevropa Ittifoqining «Markaziy Osiyoda gidroenergetika salohiyatini oshirish» mavzusidagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar yirik transchegaraviy loyihalar – Rog‘un va Qambarota GESlari muhimligini qayd etdilar. Mazkur tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi mintaqaning energetika xavfsizligini mustahkamlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, barqaror qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi Qambarota GES-1 qurilishi loyihasining asosiy texnik tavsiflarini belgilab beradi. Xususan, 5,4 milliard kub metrlik suv ombori va 1860 MVt quvvatga ega GES qurish rejalashtirilgan. Bu obyektda yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.

2024 yil aprel oyida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari Norin daryosida Qambarota-1 GESini birgalikda qurishga kelishib olgandilar.

Keyinroq Qirg‘izistonda joylashgan obyektning narxi ushbu respublika mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 4 milliard dollardan oshib ketishi xabar qilingan edi. GES qurilishi uchun mablag‘lar shartnoma taraflari tomonidan, ayrim xarajatlar banklar va xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari hisobidan qoplanadi.

ℹ️ Norin daryosida 1- va 2-Qambarota GESlarini barpo etish rejasi Sovet Ittifoqi davrida, 1988 yilda tasdiqlangan. O‘shanda qurilish boshlangan, ammo mablag‘ yo‘qligi sababli 1994 yilda to‘xtatilgan. Bu vaqtga kelib ishning 25 foizi bajarilgan edi.

2008 yili Rossiya yordami bilan GES-2 qurilishi qayta tiklangan, loyiha qiymati 2 milliard dollarga baholangan. Ikki yil o‘tgach, birinchi GES ishga tushirilgan. Biroq, Bishkek kelishuv bo‘yicha ajratilgan 450 million dollarni noto‘g‘ri ishlatganlikda ayblanganidan so‘ng Rossiya bilan hamkorlik to‘xtab qolgan.

2012 yili «Rusgidro» ikkala GESni qurib berishi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan, biroq oradan bir necha yil o‘tib Qirg‘iziston hukumati ushbu kelishuvni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan.