O‘zbekistonning birinchi Mudofaa vaziri Rustam Ahmedov vafot etdi

Rustam Ahmedov. gov.uz sayti fotosurati

O‘zbekistonning birinchi Mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov vafot etdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi. Ushbu xabar yozilayotgan paytda Toshkentda sobiq harbiy qo‘mondonning dafn marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi.

Rustam Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 1965 yili Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini, 1985 yili Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini tamomlagan. 1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Rustam Ahmedov mustaqil O‘zbekistonning birinchi Mudofaa vaziri sifatida tarixga kirdi. U bu lavozimni 1992—1997 yillarda egallagan. Bungacha 1991—1992 yillari bir vaqtning o‘zida Mudofaa vaziri hamda Respublika Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimlarida ishlagan.

Mudofaa vazirligi rahbari lavozimini tark etgach, Ahmedov 1997 yil sentyabridan 1998 yil sentyabriga qadar bir yil davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqargan va shundan so‘ng nafaqaga chiqqan. U 2018-2020 yillari Mudofaa vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.