Berdimuhamedovlar oilasi havo floti VIP-klass layneri bilan boyidi. Gap Amerika tyuning kompaniyasi sa’y-harakatlari tufayli standart uchoqdan «uchar saroy»ga aylantirilgan Boeing 737-700 samolyoti haqida bormoqda, deb xabar beradi Turkmen.news.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oxirida «Turkmaniston» aviakompaniyasiga tegishli quyruq raqami EZ-A006 bo‘lgan Boeing Ashxoboddan AQSHga jo‘nab ketgan. Samolyot Luiziana shtatidagi Leyk Charlz aeroportiga qo‘ngan, u yerda buyurtma asosida standart samolyotlarni hashamatli, maxsus dizaynli intererga ega noyob transport vositalariga aylantirishga ixtisoslashgan Citadel Completions butik firmasi faoliyat yuritadi.
Turkmanistondan kelgan samolyot sezilarli darajada o‘zgatirilgan. 2024 yili uning ba’zi dekor elementlari haqida ma’lumot Internetda e’lon qilingan. Xususan, Amerika kompaniyasining interer dizayni bo‘yicha menejeri Konnor Oliver Vaysent o‘z saytida bo‘lajak loyihaning 3D ko‘rinishdagi fotosuratlarini joylashtirgan va gap davlat rahbari uchun biznes-jet haqida ketayotganini ta’kidlagan.
Fotosuratlarda turkmancha uslubdagi dekor variantlari aks etgan: shift va devorlardagi gilam naqshlari, polga to‘shalgan qo‘lda ishlangan gilamlar, kabinadagi ko‘plab Axal-Teke otlari haykalchalari. Tualet kabinetida zarhal rakovina va furnitura, shuningdek, Markaziy Osiyo respublikasi ramzlaridan biri bo‘lgan sakkiz qirrali O‘g‘uzxon yulduzi tushirilgan oyna o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lgan. Jurnalistlar sharhlab berishi uchun Vaysent bilan bog‘langanidan so‘ng, menejer o‘z saytidan suratlarni olib tashlagan.
Loyihaning narxi noma’lum, biroq Forbes jurnaliga bergan intervyusida Citadel Completions vitse-prezidenti Nil Boyl standart samolyotni «uchar saroy»ga aylantirish bo‘yicha ishlar mijozning talabidan kelib chiqqan holda 140 million dollarga tushishi mumkinligini aytgan.
Turkmen.news nashri Berdimuhamedovlar oilasi uchun oldingi samolyot xaridlarining moliyaviy tafsilotlarini oshkor qilgan. Masalan, 2008 yili Turkmanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 55 million dollarga Boeing 737-700 sotib olish va uni VIP-klass samolyotiga aylantiruvchi Texas kompaniyasiga qo‘shimcha 21 million dollar to‘lash haqidagi farmonni imzolagan. Ikkala hisob ham «Turkmangaz» davlat konserni tomonidan yuritilgan. Shunga o‘xshash loyiha 2017 yili amalga oshirilgan bo‘lib, avialaynerni sozlash qiymati 32 million dollarni tashkil etgan. Mablag‘lar respublika budjetidan o‘tkazilgan.
Darvoqe, hashamatli samolyot Luizianadan qaytgach, yangi EZ-A010 quyruq raqamini olgan. Turkmanistonni boshqarayotgan oila hozirda beshta hashamatli samolyotga ega: ikkita Boeing 777 va uchta Boeing 737.
Bu samolyotlar nafaqat mamlakat prezidenti Serdar Berdimuhamedov va uning otasi, parlament yuqori palatasiga raislik qiluvchi Gurbanguli Berdimuhamedovga, balki boshqa oila a’zolariga ham xizmat qilishi ma’lum. Masalan, davlat rahbarining o‘g‘li va singlisi Kerimguli Berdimuhamedov va O‘g‘uljaxon Otabayevaga ham ulardan foydalanadi.
Biroq, 2022 yildayoq o‘sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov milliy aviakompaniyaning ikkita samolyotini o‘zi foydalanish uchun olgani va «oilaviy park»ni beshta samolyotga yetkazgani xabar qilingan edi.
O‘shanda «boinglar»dan biri premium-klass samolyotiga aylantirilgani aniqlangan. Unda VIP- yotoq xonasi, dush bilan jihozlangan cho‘milish xonasi, maxsus tayyorlangan stol va massaj kursisi bo‘lgan. Salon hashamatli materiallar, jumladan, oltin suvi yuritilgan detallar bilan bezatilgan va bir nechta monitor va sensorli displeylar o‘rnatilgan.