O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasining (AES) ishga tushirilishi mamlakatning uchta viloyati – Jizzax, Samarqand va Navoiyni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati huzuridagi Atom energiyasi agentligi («O‘zatom») direktori Azim Axmedxadjayev ma’lum qildi, deb xabar beradi Spot.uz «O‘zbekiston 24» telekanaliga tayangan holda.
Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, kichik AES qurilishining asosiy bosqichi allaqachon boshlangan. Xususan, Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega energiya bloki uchun qazish ishlari olib borilmoqda.
Axmedxadjayev bir joyda har biri ikkita reaktor bilan jihozlangan kichik va katta quvvatli stansiyalar qurilishi rejalashtirilganini tasdiqladi. Agentlik direktorining so‘zlariga ko‘ra, integratsiyalangan AES barqaror quvvat manbaini ta’minlaydi, gazga bog‘liqlikni va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishdagi mavsumiy tebranishlarni kamaytiradi.
Bundan tashqari, obyekt qurilishi katta investitsiyalarni jalb qiladi va qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishni rag‘batlantiradi. Shu sababli Axmedxadjayev AES loyihasini milliy manfaatlar, global yadro energetikasi tendensiyalari hamda barqaror, ishonchli va kam uglerodli energiya tizimiga o‘tish zaruriyatini aks ettiruvchi strategik istiqbolli qaror deb atadi.
Bundan oldin, O‘zbekiston AES qurilish direksiyasi boshlig‘i Abdujamil Kalmuratov kichik stansiya qurish qiymati 1 milliard dollardan kam bo‘lishini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, loyiha to‘liq Markaziy Osiyo respublikasi budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Shu bilan birga, rasmiyning tushuntirishicha, loyiha qiymatining taxminan 60 foizi ishning birinchi bosqichiga to‘g‘ri keladi, qolgan 25 foizdan 40 foizgacha reaktor turiga qarab belgilanadi. Kalmuratov bu raqam yakuniy shartnoma tasdiqlangandan keyingina aniq bo‘lishini aytib, smetaning ayniq qiymatini aytishdan bosh tortdi.
Shu kunlarda O‘zbekistonda AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi. Tadbirlar joriy yilning noyabr va dekabr oylarida rejalashtirilgan. Eshituvlar Jizzax viloyati hokimligi vakillari, mahalliy aholi, jurnalistlar, xorijlik kuzatuvchilar ishtirokida ochiq muloqot tarzida o‘tkaziladi. Yakunda ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.
Kalmuratov direksiya eshituvlar o‘tkazishga texnik va tashkiliy jihatdan tayyorligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, muhokama «Rosatom» bilan shartnomani bekor qilishni nazarda tutmaydi, balki loyihaga tuzatishlar kiritish imkoniyatini beradi.
ℹ️ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik bitimi 2017 yil dekabrida imzolangan edi. Qiymati 11 milliard dollar bo‘lgan birinchi energoblok 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
«Rosatom» bilan kichik atom elektr stansiyasini loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha yangi shartnoma — 2024 yil 27 may kuni Toshkentda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi chog‘ida imzolangandi. KAES birinchi betonini quyish 2026 yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan.
AES qurilishi rejalari O‘zbekiston aholisi orasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Uni qo‘llab-quvvatlovchilar inshoot texnologik taraqqiyot va iqtisodiy foyda keltirishini ta’kidlasa, muxoliflar u ekologik falokat va yirik o‘g‘irlik xavfini keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi.