Qozog‘iston IIV spirtli ichimliklar savdosini cheklashni taklif qildi

freepik.com sayti fotosurati

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda spirtli ichimliklar savdosiga bir qator cheklovlar joriy etishni taklif qildi. Bu haqda vazir Yerjan Sadenov Majilisda (parlament quyi palatasi) hukumat soati chog‘ida ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.kz.

Mulozimga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi spirtli ichimliklarni faqat alkomarketlarda sotishni taklif qildi. Bundan tashqari, vazirlik spirtli ichimliklarni onlayn sotishni to‘liq taqiqlashni, litsenziyalash qoidalarini kuchaytirishni va ularning sonini cheklashni ko‘zlaydi. Vazir, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar uchun cheklovlar kiritishni ham aytib o‘tdi:

«Ko‘ngilochar maskanlarda spirtli ichimliklar sotish soatlarini cheklash zarurati tug‘ilmoqda. Ushbu joylarda 1400 dan ortiq jinoyatlar, jumladan, uchta qotillik mast holda sodir etilgan», — dedi u.

Shu bilan birga, Sadenov hozirda ayrim davlat idoralari bunday yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. «Bu yerda, birinchi navbatda, fuqarolarimiz hayoti va salomatligini asrash manfaatlarini hisobga olishimiz kerak, deb hisoblayman», — dedi u.

Sadenovning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatda xushyorxona markazlari yetishmaydi, atigi 38 tasi 699 o‘ringa ega. Yana 32 ta markaz ochish rejalashtirilgan, biroq oltita hududda bu ish yakuniga yetmagan. Bundan tashqari, vazirning so‘zlariga ko‘ra, giyohvandlar uchun maxsus davolash muassasalari yetishmaydi. Mamlakatda atigi 20 ta klinika ishlaydi, yana 14 ta klinikaga ehtiyoj bor.

Qozog‘istonda bir necha bosqichda alkogolli mahsulotlarni sotish qoidalari kuchaytirildi. 2014 yili mamlakatda spirtli ichimliklarni sotish soatlari cheklandi. Do‘konlarda 21:00 dan 12:00 gacha kuchli spirtli ichimliklarni, 23:00 dan 8:00 gacha kamalkogolli ichimliklarni sotish taqiqlandi.

2020 yili 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga spirtli ichimliklar sotish taqiqlandi (ilgari cheklovlar faqat 18 yoshdan kichik bo‘lganlarga nisbatan qo‘llanilgan).