O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda davlat tomonidan minimal narxlarni belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Mazkur qaror tadbirkorlar faoliyatini erkinlashtirish va ularning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Tegishli nizom Prezident Shavkat Mirziyoyevning 10 oktabrdan kuchga kirgan farmonida belgilangan, deb xabar beradi yozadi Vaqt.uz.
Nashrga ko‘ra, meva-sabzavotlar eksportida minimal narxlarning joriy qilinishi o‘tgan yili tadbirkorlar va tahlilchilar tomonidan qattiq tanqid qilingan. Ular bu amaliyotni «eksportga zarba» sifatida baholab, narx erkinligining cheklanishi tashqi bozorda raqobat imkoniyatlarini qisqartirishini ta’kidlashgan. Endi eksport narxlarini davlat tomonidan tartibga solish uchta toifadagi tovarlar: to‘qimachilik, charm buyumlar va poyabzallar, elektr jihozlari uchun amal qiladi.
Shu bilan birga, farmonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid qo‘shimcha imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, dukkakli ekinlarni yig‘ish texnikasini sotib olgan tadbirkorlarga texnika qiymatining 15 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, kredit yoki lizing stavkasining 10 foizdan ortiq qismi ham davlat subsidiyasi hisobidan yopiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab issiqxona xo‘jaliklari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Agar joriy yilning 1 oktyabr holatiga soliq to‘lovi to‘lanmagan bo‘lsa, soliq to‘lovlarini to‘lash muddati qo‘shimcha foizlar, jarimalar va penyalar hisoblanmasdan, 2028 yil oxirigacha uzaytiriladi.
Bundan tashqari, bunday xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlariga nisbatan qo‘llaniladigan stavkalar bo‘yicha hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi yerlarida qurilgan issiqxonalarni qishloq xo‘jaligi yerlari sifatida tasniflanmaydi. Shu bois tadbirkorlar yerdan garov sifatida foydalanib, imtiyozli kredit olish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, infratuzilma obyektlarini, masalan, qozonxona, saralash va qadoqlash obyekti va boshqa obyektlarni maydonning 5 foizida, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan holda qurishga ruxsat beriladi.
Issiqxona xo‘jaliklariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish, chang va gazdan tozalash uskunalarini o‘rnatish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Isitish va sovutish tizimiga tegishli issiqlik nasoslarini o‘rnatish xarajatlarining 20 foizi Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Prezident qarorida meva-sabzavot mahsulotlarini sotish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilangan. Xususan, 2025-2027 yillari eksport 30 foizdan 70 foizga oshishi kutilmoqda: kelasi yil 3,5 milliard dollarga, 2027 yili esa 4 milliard dollarga erishish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, issiqxonada meva-sabzavot yetishtirish 2026 yili 620 ming tonnaga, 2027 yili esa 670 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda. Shu maqsadda kelgusi ikki yilda ko‘chatlar ekish maydoni kengaytirilib, qo‘shimcha 20 ming gektar va mos ravishda 15 ming gektar maydon ajratiladi.
ℹ️ O‘tgan yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston hukumati chetga eksport qilanadigan meva-sabzavot mahsulotlariga narxlar nazoratini joriy qilgan edi. Mutasaddilarga tegishli eksport shartnomalari qiymatini muntazam nazorat qilib borish topshirilgan edi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

