Dushanbeda «Toji Somon» xalqaro kinofestivali ochildi

tojisomon.tj sayti fotosurati

Tojikistonda 15 oktyabr kuni ochilgan «Toji Somon» («Somon toji») xalqaro kinofestivali 20 oktyabrga qadar davom etadi. Bu tadbir har yili 16 oktyabrda nishonlanadigan tojik kinosi kuniga bag‘ishlangan.

Bu yil «Tojik xalqining taraqqiyot tarixi» shiori ostida o‘tkazilayotgan festivalda 15 davlatdan 40 dan ortiq filmlar, shuningdek, uning doirasida Eron, Rossiya va Qirg‘iziston kino kunlari o‘tkaziladi.

Festivalning birinchi kuni, 15 oktyabr kuni tanlov dasturidagi filmlar hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etiladi. O‘sha kuni kechqurun soat 17:00da Tohir Sobirov kinoteatrida madaniy dastur va Tojikistonda Eron kinosi kunlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Asosiy film namoyishlari 16 oktabrdan boshlanadi va 19 oktyabr oqshomiga qadar davom etadi. Bu davrda Dushanbe kinoteatrlarida dunyoning turli davlatlarida suratga olingan 40 dan ortiq filmlar namoyish etiladi.

16 oktyabr kuni soat 11:30 da namoyishlar oldidan taniqli tojik rejissyori Baxtiyor Xudoynazarovning 60 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Festival filmlari mamlakatning turli hududlarida ham namoyish etiladi. Xatlon viloyatida «Hayot go‘zal» (Tojikiston), «Sotiladigan uy» (Qirg‘iziston), «Qora qal’a» (Belarus), «Bumba yo‘li» (Hindiston), «Oliy fuqarolar» (Qozog‘iston) filmlari namoyish etiladi.

So‘g‘d viloyati aholisi «Havo» va «Kapitan qizi» (Rossiya), «Bahor izlab» (O‘zbekiston), «Daraxt» (Turkmaniston), «Qizil tush» (Tojikiston) filmlarini tomosha qilishlari mumkin.

Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida «Haqiqat izlab» (Tojikiston), «Shahzoda» (Moldova), «Qurigan daryo ustidagi ko‘prik» (Eron), «Shaxsiyat buzilishi» (Indoneziya), «Eman» (Turkiya) filmlarining namoyishi rejalashtirilgan.

19 oktyabr kuni soat 17:30 da Sadriddin Ayniy nomidagi Davlat akademik opera va balet teatrida «Toji Somon» ikkinchi xalqaro kinofestivalining yopilish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

ℹ️ Festivalni tashkil etuvchi «Tojikfilm» davlat unitar korxonasi «Toji somon» har ikki yilda bir marta o‘tkazilishini ta’kidladi. Birinchi festival 2023 yil 15-19 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan va unda Rossiya, O‘zbekiston, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar kinoijodkorlari ishtirok etgan. Bu yilgi festival ikkinchisi sifatida qayd etilgan. Biroq, 2024 yili OAV Dushanbeda xuddi shunday nomdagi kinofestival bo‘lib o‘tgani, unda Belarus, Eron va Rossiya kinosi kunlari o‘tkazilgani haqida xabar bergandi. Ba’zi manbalar ta’kidlashicha, bu Ikkinchi Milliy kino mukofoti bo‘lgan, Birinchisi esa 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan «Toji Somon» xalqaro kinofestivali sifatida qayd etilgan.

Avvallari, 2004 yildan 2019 yilgacha oktyabr oyi o‘rtalarida Dushanbeda «Didor» kinofestivali bo‘lib o‘tgan edi.