Qozog‘iston g‘arbida suyultirilgan gaz taqchilligi kuzatilmoqda. Mang‘istau viloyatida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar paydo bo‘lmoqda, haydovchilar ta’minotdagi uzilishlardan shikoyat qilmoqda, deb yozadi ORDA.kz.
15 oktyabr kuni viloyat hokimligida favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va unda mutasaddilar yoqilg‘i taqchilligi nega yana yuzaga kelganini tushuntirdi. Viloyat tadbirkorlik va savdo boshqarmasi boshlig‘i Pikir Sansizbayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi inqirozning asosiy sababi Atirau neftni qayta ishlash zavodida rejalashtirilgan profilaktika ishlari bo‘lib, buning natijasida oktyabr oyida viloyatga taxminan 3,7 ming tonna suyultirilgan gaz kam yetkazilgan. Ular ushbu ta’minotni «SNPS-Aktobemunaygaz» zavodidan yetkazib berish orqali to‘ldirishga harakat qilmoqdalar, biroq uning uzoqda joylashgani kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Viloyat tadbirkorlik boshqarmasi esa tanqislikning yana boshqa sababi ham borligini qayd etadi.
«Alohida tadbirkorlar gazni o‘zlariga ajratilgan avtogaz shoxobchalariga yetkazib bermasdan, boshqa hududlarga sotayotgani holatlari ham bor. Qolaversa, ayrim yangi shoxobchalar oylik yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida shunchaki ro‘yxatga olingan, ular gazni boshqa shahobchalar orqali sotishgan», — dedi Pikir Sansizbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sxema nafaqat tanqislikni kuchaytiradi, balki ijtimoiy keskinlikni ham qo‘zg‘atishi mumkin. «Har bir litr gaz qayerga jo‘natilayotganini kuzatish uchun to‘liq tekshiruv o‘tkazamiz», — deb ishontirdi boshqarma boshlig‘i.
Shu bilan birga, qo‘shni Aqto‘be viloyatida ham suyultirilgan gaz tanqisligi kuzatilmoqda. Mahalliy «Diapazon» gazetasining yozishicha, haydovchilar Aqto‘beda avtogaz taqchilligidan shikoyat qilishmoqda. Aytishlaricha, ba’zi avtogaz shoxobchalarida yonilg‘i yo‘q, bor joyda esa uzun navbatlar paydo bo‘lmoqda. Mahalliy amaldorlar muammoni tan oladilar va buni «suyultirilgan neft gazi yetarli darajada ajratilmagani» bilan bog‘laydilar, deyiladi maqolada.
Qozog‘istonning g‘arbiy viloyatlarida gaz ta’minotida uzilishlar muntazam bo‘lib turadi. O‘tgan yil noyabr oyida Aktau aholisi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida soatlab navbatlarda turishga majbur bo‘lganga. O‘shanda rasmiylar vaziyat «qayta takrorlanmaydi» deb va’da bergan edilar. O‘sha yil oktyabr oyida Aqto‘be viloyatida ham avtogaz taqchilligi kuzatilgan. O‘shanda vaziyatni mahalliy zavodlarda remont olib borilayotgani bilan izohlashgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


