Tojikiston Ilon Mask kompaniyasi bilan mamlakatni Starlink tarmog‘iga ulash bo‘yicha kelishuvga erishdi

iz.ru sayti fotosurati

Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati amerikalik milliarder Ilon Maskning SpaceX korporatsiyasining sho‘ba korxonasi Starlink Tajikistan bilan litsenziya shartnomasini imzoladi. Dushanbe Invest-2025 forumi doirasida imzolangan hujjatga ko‘ra, Markaziy Osiyo respublikasi Starlink global sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘iga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deya xabar beradi «Aziya-Plyus» nashri.

Nashrning yozishicha, 14 oktyabr kuni boshlangan invest forumning birinchi kunida Aloqa xizmati yetakchi xalqaro va mintaqaviy kompaniyalar bilan sakkizta hamkorlik shartnomasini imzolagan. Bitimlar raqamli iqtisodiyot, internet-infratuzilmasi, 5G texnologiyalarini rivojlantirish va boshqa loyihalarni qamrab oladi. Biroq, tojik rasmiylari aynan Ilon Mask kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani «muhim» deb atadi.

Tojikiston Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Dushanbe Invest-2025 boshlanishida 3 milliard dollardan ortiq 26 ta shartnoma imzolangan. Eng katta investitsiya hajmi, ya’ni 2,5 milliard dollar energetika sohasiga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, sanoat sohasida umumiy qiymati 386 million dollarlik 9 ta, aloqa va axborotlashtirish sohasida 334 million dollarlik sakkizta shartnoma imzolangan. Qariyb 9 million dollarlik yana to‘rtta shartnoma davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalardir.

Tojikiston Energetika va suv xo‘jaligi vazirligi xalqaro kompaniyalar bilan uchta bayonnoma va ikkita memorandum imzolagan. Bular quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish hamda ushbu sohada malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini joriy etish loyihalariga taalluqli bo‘lgan.

Investitsiya qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, tadbirda imzolangan shartnomalar respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan hamda innovatsiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni ham nazarda tutadi.

ℹ️ Dushanbe Invest-2025 xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoda «yashil» investitsiyalar, barqaror rivojlanish va raqamli transformatsiyani ilgari surish uchun platforma hisoblanadi. U 14-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlaridan hukumat vakillari, turli kompaniyalar, moliya institutlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan iborat mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

ℹ️ Starlink — global sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi bo‘lib, dunyoning istalgan nuqtasidan yuqori tezlikdagi keng polosali internetga ulanishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Tizim biznesmen Ilon Maskga tegishli bo‘lib, u Starlink tarmog‘ini boshqaruvchi o‘zining SpaceX kompaniyasi raketalari yordamida Yer orbitasiga sun’iy yo‘ldoshlarni olib chiqadi.