16 oktyabr kuni Jahon banki Ijroiya direktorlari kengashi O‘zbekiston uchun tuzilmaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 million dollarlik moliyaviy paketni ma’qulladi, deb xabar beradi JB matbuot xizmati.
Mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli shartlarda past foiz stavkalari bilan beriladi. Jahon banki kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lganlarga qaraganda ancha qulayroq ekanini ta’kidlaydi.
Kreditlar quyidagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun ishlatiladi:
▪️ Energiya tariflari oshishining kam ta’minlangan uy xo‘jaliklariga ta’sirini yumshatish,
▪️ Ayollarni ish joyida ta’qib va zo‘ravonlikdan himoya qilish,
▪️ Aholining zaif qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish,
▪️ Telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida raqobatni kuchaytirish.
Xususan, kam ta’minlangan oilalarga elektr, issiqlik va gaz tariflarining o‘sishini kompensatsiya qilish uchun yillik to‘lovlarni 270 ming so‘mdan (22 dollar) 1 million so‘mga (82 dollar) oshirish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatda ayollarni ish joyidagi jinsiy tegajoqlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi. Ish beruvchilarga ayollarni ishga qabul qilishdan bosh tortish, ularning ish haqini kamaytirish, homiladorlik yoki tug‘ish munosabati bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat tashkilotlar orqali ijtimoiy xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish maqsadida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Mustaqil telekommunikatsiya regulyatorining yaratilishi mobil va keng polosali internet bozorlarida davlat kompaniyalarining hukmronligini cheklash va sohaga xususiy sarmoyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qishloq xo‘jaligi risklaridan sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi. Paxtachilik sohasini isloh qilish davom etadi: paxta xarid qilish narxlari yanada moslashuvchan bo‘ladi, to‘qimachilik korxonalariga xomashyoni vositachilarni chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri istalgan fermer xo‘jaligidan sotib olish huquqi beriladi.
Tashqi savdo sohasida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini tezlashtiradi va eksport tartib-qoidalarini soddalashtiradi, jumladan, ayrim tovarlarni eksport qilishga ruxsat berishni bekor qiladi. Energetika, neft-gaz, kimyo va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ayrim kompaniyalarga ilgari berilgan eksklyuziv huquqlar ham bekor qilinadi, bu esa raqobatni rivojlantirishi kerak.
Energetika sohasida elektr energiyasini taqsimlash bozori xususiy investorlar uchun ochiladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalarini mustaqil ishlab chiqaruvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’molchilarga sotish huquqi beriladi. Bu «yashil» energiya o‘sishini rag‘batlantirishi va tarmoqni modernizatsiya qilishga investitsiyalarni jalb qilishi kerak.
Energiyani tejovchi loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun mamlakatda Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etiladi. Quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish, binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy imtiyozlar joriy etiladi. Davlat xaridlari tizimiga budjet mablag‘laridan ekologik toza tovarlar va xizmatlarga ustuvorlik bilan foydalanishni ta’minlash uchun ekologik mezonlar kiritiladi.
✅ Eslatib o‘tamiz, bundan bir yil avval ham Jahon banki O‘zbekistonga xususiy sektorni rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, iqlim o‘zgarishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 800 million dollar imtiyozli kreditlar ajratgan edi.
ℹ️ O‘zbekiston Jahon banki guruhiga 1992–1993 yillarda qo‘shilgan. 2017 yili Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Jahon banki mamlakatga moliyaviy va tahliliy yordamni sezilarli darajada oshirdi. 2024 yil aprel holatiga ko‘ra, Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeli 12 milliard dollardan oshadi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			

