Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi hududi zamonaviy navigatsiya tizimi bilan jihozlandi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Markaz kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida TOP CONGRESS kompaniyasi dizayn guruhi rahbari Sergey Karasev markaz hududidagi ichki va tashqi navigatsiya tizimlari, shuningdek, ikkinchi qavatda joylashtiriladigan 14 ta ekspozitsiya dizayni haqida batafsil hisobot berdi. Unga ko‘ra, hozirda Markaz muzeyining «Birinchi Renessans» bo‘limidagi «Vaqt devori» loyihasida bu tizim to‘liq amalga oshirilgan.
«Markazning ichki va tashqi navigatsiya tizimi hamda muzeyning ikkinchi qavatdagi ekspozitsiyalari uchun ishchi dizayn loyihalari tayyor bo‘ldi. Yangi tizimlar markazda mehmonlar oqimini tartibli boshqarish, har bir bo‘limni oson topish va tashrif buyuruvchilar uchun intuitiv harakat yo‘nalishini ta’minlaydi», — dedi Karasev.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



