Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Bosh vazir Oljas Bektenovga ish haftasi oxirigacha iqtisodiy islohotlar dasturini fuqarolar manfaati yo‘lida tartibga solish rejasini taqdim etishni topshirdi. Bu haqda prezident yordamchisi Ruslan Jeldibay ma’lum qildi.
Nashrning aniqlik kiritishicha, hukumat kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan tuzatishlar kiritishi va qarorlar qabul qilishi kerak.
«Davlat rahbari hukumat iqtisodiy siyosatining asosiy parametrlari Qozog‘istonning strategik manfaatlariga mos keladi va global vaziyat va joriy bozor tendensiyalarini hisobga oladi, deb hisoblaydi», — deb yozgan Jeldibay.
Sentyabr oyida To‘qayev Qozog‘iston xalqiga murojaatida iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yuqori inflyatsiyaga qarshi hukumat va Milliy bank birgalikda kurashishi zarurligi haqida gapirgan edi. «Bugungi kunda asosiy muammo yuqori inflyatsiya bo‘lib, u iqtisodiy o‘sish va aholi daromadlarini yeb ketmoqda. Bu muammoning tayyor yechimi yo‘q. Aksariyat mamlakatlar bunga duch kelmoqda, ammo bizning sharoitimizda bu muammo ayniqsa keskinlashgan. Biz bu makroiqtisodiy doiradan chiqib ketishimiz kerak», — degandi prezident o‘shanda.
Oktyabr oyida hukumat bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda To‘qayev yuqori inflyatsiya masalasi Vazirlar Mahkamasi uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


