O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilini rivojlantirish va targ‘ib qilishga qaratilgan qarorni tasdiqladi. Hujjat 20 oktyabr, Davlat tili kuni arafasida imzolandi.
Qarorda davlat tilini ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida to‘liq qo‘llash, o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025–2026 yillari o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish Dasturi tasdiqlandi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va respublika xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, viloyatlar hokimliklari rahbarlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etish muhim chora-tadbirlardan biri bo‘ladi.
2026 yildan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’lim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodini yaratadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun o‘quv qo‘llanmalari, bolalar uchun esa «Mening birinchi izohli lug‘atcham» rasmli lug‘at kitobi yaratiladi. Bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlarni chiqarish rejalashtirilgan.
Fanlar akademiyasiga 2026 yil 1 iyunga qadar ko‘p jildli «O‘zbekiston milliy qomusi»ni elektron shaklda tayyorlash, 2026 yil 1 dekabrga qadar «Ona tili. Qomus» kitobining nashrga tayyorlash va chop etish topshirildi.
Qarorda sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash platformasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. 2025 yil 1 dekabrga qadar yangi qabul qilinayotgan atamalar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boruvchi, tasdiqlangan yangi so‘z va atamalarni o‘zida aks ettiradigan elektron reyestrni yurituvchi, o‘zbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lug‘atlarini o‘zida jamlash va foydalanish uchun mo‘ljallangan elektron platformani yaratish bo‘yicha ilmiy loyihaga tanlov e’lon qilinadi.
O‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida har yili oktyabr oyida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, xalqaro talabalar o‘rtasida milliy olimpiada, «O‘zbek tili – qalbim tarjimoni» tanlovi o‘tkaziladi. Tilni rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi asarlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Jonajon o‘zbek tilim» tanlovi tashkil etiladi va har yili umummilliy diktant o‘tkaziladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, «Vatandoshlar» jamoat fondi bilan birgalikda har yili Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini o‘tkazib boradi. Bunda olimpiada g‘oliblarini respublika oliy ta’lim muassasalarining «filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti» ta’lim yo‘nalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan xorijlik talabalar Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bepul kurslarda qatnashishlari mumkin bo‘ladi.
2026 yili milliy madaniyat markazlari vakillari uchun o‘zbek tili kurslarini kengaytirish rejalashtirilgan. O‘zbekiston hukumati «Vatandoshlar» jamoat fondi mablag‘lari hisobidan xorijdagi diaspora tashkilotlari huzurida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Yoshlar masalalari agentligiga uch oy muddatda «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha alohida modulni ishga tushirish vazifasi yuklatildi (XX asr boshida yashagan Is'hoqxon Ibrat shoir, pedagog, tarjimon, poliglot bo‘lgan).
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


