O‘zbekistonda 2026 yildan yo‘ldoshli internet operatorlari ishlay boshlaydi

O‘zbekistonda 2026 yili yo‘ldoshli internet ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Shunday qilib, mazkur reja chekka hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashga qaratilgan. Yo‘ldoshli internet operatorlariga imtiyozlar beriladi: ular besh yil muddatga yer, mulk, daromad va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Yig‘ilishda so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilgani, bugungi kunda aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingani ta’kidlandi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun yettita data-markazi ishga tushirildi.

Davlat tuzilmalarini raqamlashtirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi, uning asosiy elementi «Raqamli hukumat» platformasi hisoblanadi. Ushbu tizim orqali davlat organlari o‘rtasida inson omilisiz ma’lumotlarning almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Startaplarga o‘zining dasturiy mahsulotini Raqamli hukumat platformasiga integratsiya qilib, undagi ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berildi.

Lekin sun’iy intellektni jadal rivojlantirish uchun bularning o‘zi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turlicha bo‘lgani uchun ham ishlar sust ketyapti. Shu bois, yil yakuniga qadar vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini «Elektron hukumat» yagona data-markaziga o‘tkazish topshirildi. Bundan buyon vazirlik va idoralar ma’lumotlarni o‘z serverlarida saqlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kelgusi yilda sog‘liqni saqlash, energetika, bank va moliya, bojxona va soliq, transport, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligida 100 ta SI loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Kerakli infratuzilmani rivojlantirish uchun joriy yili 16 ta superkompyuter xarid qilish uchun 50 million dollar ajratilgan bo‘lib, kelgusi yili bu mablag‘ni ikki baravar ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Saudiyaning Data Volt kompaniyasi bilan birgalikda 150 million dollarlik data-markazi ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘istonda SI infratuzilmasiga 100 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan investorlar elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar va boshqa imtiyozlarga ega bo‘ladilar.

Kadrlar tayyorlash va ma’lumotlarni boshqarishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident SI dasturlari samarali bo‘lishi uchun avvalo o‘zbek tilini mukammal bilish kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 2026 yil oxirigacha «O‘zbek tili korpusi»ni yaratish va Data Lake platformasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Keyingi o‘quv yilidan «Informatika» fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi, SI, fintex, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha universitetlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. «Bir million sun’iy intellekt yetakchisi» loyihasi doirasida yil 100 ming, kelasi yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi.

Ushbu sohadagi startaplarni rag‘batlantirish maqsadida 1 million dollar mukofot jamg‘armasiga ega «Sun’iy intellekt sohasida eng yaxshi startap» tanlovi o‘tkaziladi.