Turkmanistonlik faol Saddam G‘ulomov 2023 yil oxiri yoki 2024 yil boshida Rossiyadan ekstraditsiya qilingan edi. U o‘z vatanida 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va 2024 yil bahoridan buyon noqonuniy ravishda bir kishilik karserda saqlanmoqda, deb yozadi turkmen.news.
Saddam G‘ulomov 2020—2021 yillari Rossiyada yashab, u yerda aktyor bo‘lib ishlagan vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda Gurbanguli Berdimuhamedov boshchiligidagi Turkmaniston hukumati harakatlarini tanqid qilgan. U oziq-ovqat inqirozi, COVID-19 ni inkor etish va 2020 yil may oyida mamlakatni qamrab olgan dovul oqibatlari haqida hukumat sukut saqlaganini qoralagan. U o‘z vatandoshlarini «diktatordan qo‘rqish va unga sig‘inishni bas qilishga» chaqirgan.
G‘ulomov jazoni Lebap viloyatidagi LB-E/12 umumiy rejimdagi koloniyada o‘tamoqda. Mahbusni bir kishilik kamerada doimiy hibsga ushlab turish Turkmaniston Jinoyat-ijroiya kodeksiga zid bo‘lib, bunday jazo 15 sutka bilan cheklanadi. Nashrning huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga ko‘ra, G‘ulomovga alohida shart-sharoit yaratish buyrug‘i Milliy Xavfsizlik Vazirligi (MXV) tomonidan berilgan.
Faolning kamerasida faqat matras va hojatxona bor. Unga tashrif buyurish, xat va paketlar olish, qamoqxona do‘konidan oziq-ovqat sotib olish taqiqlanadi. Unga tungi soat 02:00 da yarim soat davomida ochiq havoda yurishga ruxsat berilgan, G‘ulomov kamida ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan, shundan so‘ng qamoqxona ma’muriyati uni doimiy nazorat qilish uchun boshqa mahbuslardan foydalana boshlagan.
Huquq himoyachilari insonning bir kishilik kamerada uzoq muddat ushlab turishni qiynoq, deb biladi. Turkmen.news xabariga ko‘ra, yana bir turkman faoli Myalikberdi Allamuradov ham xuddi shu turma koloniyasida xuddi shunday sharoitda saqlanmoqda. Shuningdek, u ham 2023 yil oxirida Rossiyadan ekstraditsiya qilingan.
Nashrning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Turkmaniston hukumati rejim tanqidchilarini xorijdan, xususan Turkiya va Rossiyadan ta’qib qilish va vataniga qaytarishni kuchaytirgan. Jinoiy ishlar odatda ularga qarshi uydiriladi. G‘ulomov va Allamurodovdan tashqari faol Azat Isoqov 2021 yili Rossiyadan ekstraditsiya qilingan, uning keyingi taqdiri noma’lum.
BMTning Turkmanistondagi vakolatxonasi, turkmen.news nashrining yozishicha, siyosiy mahbuslar bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor, ammo ochiqchasiga izoh bermayapti. 2023 yil may oyida to‘rt mahbus BMTning doimiy koordinatori Dmitriy Shlapachenkoga ularga bosim o‘tkazilayotgani va huquqlari buzilayotganligiga oid maktub yo‘llagan, biroq u izoh berishdan bosh tortgan.
Hukumat siyosatidan norozi va Turkmanistonda yashayotganlar ham ta’qibga uchramoqda. Misol uchun, fuqarolik faoli Murat Dushemov to‘rt yillik qamoq muddati tugashiga oz vaqt qolganida yangi uydirma ayblovlar bilan ayblanib, qo‘shimcha sakkiz yilga qamalgan. Hozirda u qattiq tartibli koloniyada saqlanmoqda.



