O‘zbekistonda mobil operatorlari firibgarlikka qarshi bepul tizimni joriy qilishdi

rbk.ru sayti fotosurati

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha uyali aloqa operatorlari foydalanuvchilarni soxta qo‘ng‘iroqlardan himoya qilishga mo‘ljallangan anti-spoofing (antispufing) texnologiyasini joriy qildi. Tizim mobil operatorlari tomonidan Respublika Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirildi, deb yozadi «Gazeta.uz» vazirlikka tayanib.

Raqamli texnologiyalar vazirligining aniqlik kiritishicha, funksiya barcha abonentlar uchun yoqilgan, ya’ni foydalanuvchilar ilovalarni o‘rnatishi yoki qo‘shimcha parametrlarni faollashtirishi shart emas. Bundan tashqari, ushbu xizmat bepul taqdim etiladi.

Anti-spoofing texnologiyasi soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik ravishda bloklaydi, bu nafaqat telefon firibgarligi, balki shaxsiy ma’lumotlarning noma’lum shaxslarga sizib chiqishi ehtimolini ham oldini oladi.

«Antispufing» tizimi raqamning haqiqiyligini tekshiradi: agar xorijdan kelayotgan qo‘ng‘iroq O‘zbekistondagi haqiqiy foydalanuvchidan emas, balki mahalliy sifatida niqoblangan (+998 prefiksi bilan) raqamdan bo‘lsa, tizim uni bloklaydi. O‘zbekiston mobil operatorlarining go‘yoki rouming raqamlaridan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar ham bloklanadi.

Bundan tashqari, mobil telefon kompaniyalari robotli qo‘ng‘iroqlarni avtomatik blokirovka qilish tizimlarini ham joriy qilgan.

Anti-spoofing tizimi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi va ko‘magida amalga oshirilayotgan telefon firibgarligiga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturning bir qismi hisoblanadi.

ℹ️ Antispufing — bu firibgarlikdan himoya qilish uchun chora-tadbirlar va texnologiyalar to‘plami. Bundan tashqari, u kompyuter tarmoqlarida soxta IP-manzilli paketlarni filtrlash va biometrik autentifikatsiya tizimlarida tarmoqda shunchaki fotosurat yoki niqob emas, balki haqiqatda insonni o‘zi mavjudligini tekshirish uchun ishlatiladi.

Bir necha yil avval O‘zbekiston huquq-tartibot organlari kiberjinoyatlar keskin oshganini payqashgan edi. Masalan, rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida 2020-2022 yillari bunday jinoyatlar soni 40 barobarga oshgan. Vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahar IIBB tizimida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi.

Shu yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan Telegram messenjerida soxta dasturlar tarqatish orqali fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlagan besh nafar jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar qariyb 3 milliard so‘m (taxminan 240 ming dollar) o‘g‘irlashgan.