ITSM kutubxonasidan Erdog‘an sovg‘alari va Quddusdan keltirilgan qo‘lyozmalar o‘rin oldi

ITSM kutubxonasi. cisc.uz sayti fotosurati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITSM) kutubxonasi fondida 35 mingga yaqin kitoblar, jumladan, xorijiy hamkorlar tomonidan taqdim etilgan nashrlar mavjud, deya xabar beradi markaz matbuot xizmati.

«Kutubxona va arxiv hujjatlari» bo‘limi bosh mutaxassisi Mavluda Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, xorijdan, jumladan, Buyuk Britaniya, Turkiya, Misr, Eron va boshqa mamlakatlardan yuzlab noyob kitoblar va faksimil nashrlar sovg‘a qilingan.

«Islom merosi jamg‘armasi – «Al-Furqon» fondidan bizga katta hajmdagi kitoblar kolleksiyasi keltirilgan. Ushbu kitoblarda qo‘lyozmalar haqida zarur ma’lumotlar jamlangan. Shuningdek, Quddusdan, Misr kutubxonalari va arxivlaridan keltirilgan manbalar ham mavjud. Bundan tashqari, Erondan keltirilgan 45 tomlik «Eron qo‘lyozmalar katalogi» kutubxona fondidan o‘rin olgan. Eng qizig‘i, bu qo‘lyozmalar orasida O‘zbekiston zaminiga taalluqli asarlar, ya’ni bizning allomalarimiz tomonidan yozilgan qo‘lyozmalar ham mavjudligi qayd etilgan. Bundan tashqari, bu yerda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan tuhfa etilgan faksimile kitoblar ham bor», — deydi Karimova.

Hozirda kutubxonadagi ish jarayonlari qizg‘in ketmoqda: qabul qilingan noyob nashrlar joylashtirilmoqda va xavfsizlik borasida RFID texnologiyasi asosida chip o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.