Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga umumta’lim maktablarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) ta’lim sifatini oshirish uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi, deb xabar qiladi OTB matbuot xizmati.
«O‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika» loyihasi O‘zbekiston yoshlarini zamonaviy STEM ko‘nikmalari bilan qurollantirishga qaratilgan. Ushbu vakolatlar iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida ko‘rilmoqda, bu esa mamlakatni 2030 yilga kelib o‘rtacha daromaddan yuqori bo‘lgan mamlakatga aylantirishga yordam beradi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya «ushbu loyiha O‘zbekistonning inson kapitaliga sarmoya kiritish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga sodiqligini aks ettiradi», dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, STEMni rivojlantirish orqali mamlakat yanada «inklyuziv, barqaror va global raqobatbardosh kelajak» uchun poydevor qo‘ymoqda.
Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 200 ta umumta’lim maktabi tubdan modernizatsiya qilinadi. Ular zamonaviy laboratoriyalar, yangilangan IT infratuzilmasi, quyosh batareyalari, imkoniyati cheklangan talabalar uchun qulayliklar bilan jihozlanadi. Ta’mirlangan maktablar keyinchalik qo‘shni ta’lim muassasalari uchun resurs markazi bo‘lib xizmat qiladi.
Dastur shuningdek, fanlararo yondashuv va raqamli texnologiyalardan foydalanishni ta’kidlab, oltita STEM fanlari bo‘yicha keng ko‘lamli o‘qituvchilarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Qizlarni texnik kasblarga jalb etishga alohida e’tibor qaratiladi: maxsus axborot kampaniyalari va kasbga oid maslahat dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
ℹ️ O‘zbekiston va OTB 2021 yili «O‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika» loyihasini amalga oshirishga kelishib olgan. Bank ushbu tashabbus O‘zbekistonning 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasiga ham, OTBning ustuvor yo‘nalishlariga, jumladan raqamlashtirish va gender tengligiga ham mos kelishini ta’kidlaydi. Loyiha bankning mamlakatdagi boshqa ta’lim dasturlarini, jumladan, «yashil» iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha kelajakdagi sarmoyalarni to‘ldiradi.
2025 yili OTB va O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligi nishonlanadi. 1995 yili bankka qo‘shilganidan buyon mamlakat OTBdan 14,6 milliard dollar kredit, grant va texnik yordam oldi. Yaqinda bank O‘zbekiston hukumatini davlat sektori samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni rivojlantirish va mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirishda qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


