Tojikiston hukumati chet elda tahsil olayotgan 4000 dan ortiq talabalarni vataniga qaytardi. TASS xabar berishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Saymo‘min Yatimovning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatga yoshlarning xalqaro terrorchi tashkilotlarga qo‘shilishi xavfi sabab bo‘lgan.
Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha konferensiyadagi nutqida xavfsizlik xizmati rahbari vataniga qaytarilgan talabalarga oid statistika qanday muddatni o‘z ichiga olishini aytmagan.
Yatimov talabalar terrorchi tashkilotlar va xorijiy diniy ta’lim muassasalari tomonidan nishonga olinayotganini ta’kidlagan.
MXDQ rahbari hamkasblari e’tiborini MDH mamlakatlari uchun Suriyadan kelayotgan tahdidlarga qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda faoliyat yuritayotgan ekstremistik guruhlarning ko‘plab a’zolari Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelib chiqqan bo‘lib, ular qurolli mojarolarda jangovar tajriba orttirmoqda. Shuning uchun Tojikiston bu chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurashish uchun qat’iy choralar ko‘rmoqda, deb qo‘shimcha qilgan Yatimov.
Shuningdek, u mehnat migrantlari terrorchi tashkilotlar tomonidan yollash uchun zaif guruh bo‘lib qolayotganini aytgan. Ofitserning ta’kidlashicha, hozirda MDH mamlakatlaridagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida ekstremistik guruhlar faollashib bormoqda.
«So‘nggi bir necha yil ichida xalqaro terrorchi tashkilotlar mintaqada «uyqudagi yashirin guruhlar»ni tashkil qilmoqda. Yollash ishlari asosan aholining eng zaif qatlami bo‘lmish mehnat migrantlari orasida olib borilmoqda, ular mintaqaviy mentalitetdan foydalanib, radikal mafkurani tarqatish va Islomni siyosiylashtirishga harakat qilishmoqda», — deb tushuntirdi Yatimov.
ℹ️ Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha uchinchi MDH konferensiyasi Tojikiston MXDQ va MDH Terrorizmga qarshi kurash markazi tomonidan tashkil etilgan. Unda 11 ta Hamdo‘stlik davlati va Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) kotibiyati kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.



