Euronews telekanalining Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi lavhasi chet ellik davlat mulozimlari e’tiborini tortdi

Islom sivilizatsiyasi markazi mehmonlari. cisc.uz sayti fotosurati

Euronews telekanalida namoyish etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi syujet Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiyadagi mulozimlar e’tiborini tortgan. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda tayyorgarlikning so‘nggi bosqichida bo‘lgan Markazga chet ellik mehmonlarning tashrifi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti tomonidan tashkil etilgan Toshkentdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi.

Bojxona instituti rektori Mirazam Hamrayev ta’kidlashicha, telesyujetdan ilhomlangan mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markazini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni juda xohlashgan. Ularning istagi inobatga olingan va ekskursiya uyushtirilgan.

«Bu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun Turkiston mintaqasining ilm, madaniyat va sivilizatsiya boyligini namoyon etadi. Islomdan avvalgi davrga oid arxeologik topilmalar, ayniqsa, qadimiy to‘qimachilik namunalari menda katta taassurot qoldirdi. Bu maskan bizning umumiy tariximizning bir bo‘lagidir», — dedi Ozarbayjon Bojxona akademiyasi rektori Gulu Novruzov.

Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi vakili Janat Shaimov bu yerdagi ekspozitsiyalar go‘yoki jonlangan tarix ekani, «Islomdan avvalgi davrdan to ikkinchi Renessansgacha bo‘lgan jarayonlar» ko‘z oldida namoyon bo‘lganini gapirib berdi.

Rossiya Bojxona akademiyasi ilmiy-tadqiqot instituti rahbari o‘rinbosari Yuriy Somov muzeyidagi eksponatlar to‘plamidan chuqur taassurot olganini ta’kidladi.

«Meni eng hayratga solgani — asl, qadimiy buyumlar va ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish. Interaktiv ekspozitsiyalar insonni o‘tmishga go‘yo «tashlab yuboradi». Bu — faqat ta’lim emas, haqiqiy tajriba!», — dedi Somov.