O‘zbekiston prezidenti Trampning maxsus vakili bilan «C5+1» sammiti kun tartibini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Trampning maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi AQSH delegatsiyasini qabul qildi. Markaziy Osiyo respublikasi yetakchisi matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar bir qator masalalarni, jumladan, 6 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo-AQSH» («C5+1») sammiti tadbirlar rejasini muhokama qilishdi.

Amerika delegatsiyasi tarkibiga Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiylar ham kiritilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yil 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sammitda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mirziyoyev va Gor intensiv siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol biznes aloqalarini qayd etdilar. O‘zaro savdo hajmining o‘sib borayotgani va oktyabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli o‘tgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi.

Muzokaralarda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish hamda noqonuniy migratsiya masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, tomonlar global va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlarini 6 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan «C5+1» sammitida ishtirok etishga taklif qilgani xabar qilingandi.

Tadbir oldidan Oq uyning maxsus vakili Serjio Gor va Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau O‘zbekistonga tashrif buyurib, bu yerda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari vakillari va mamlakat rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar. Markaziy Osiyoga safari doirasida AQSH siyosatchilari Qozog‘istonga ham tashrif buyurishni rejalashtirishgan.

ℹ️ Birinchi «C5+1» sammiti 2023 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida, Jo Bayden prezidentligi davrida bo‘lib o‘tgandi. Tadbirda Qozog‘iston (Qosim-Jomart To‘qayev), Qirg‘iziston (Sadir Japarov), Tojikiston (Emomali Rahmon), Turkmaniston (Serdar Berdimuhamedov), O‘zbekiston (Shavkat Mirziyoyev) yetakchilari va o‘sha paytdagi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ishtirok etgandi. Tomonlar “yashil” energiya va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratgan holda, keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilishgandi.