FIDE Jahon chempioni Rustam Qosimjonov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi

Rustam Qosimjonov. O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati fotosurati

2004 yilgi FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi) jahon chempioni, grossmeyster Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda Respublika Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Rustam Qosimjonov – o‘zbek shaxmatining faxrli vakili, chuqur bilim va katta xalqaro tajribaga ega mutaxassis. U nafaqat dunyoning eng kuchli grossmeysterlaridan biri sifatida tanilgan, balki xalqaro darajadagi sportchilar bilan murabbiy sifatida ham faol ishlagan», — deyiladi xabarda.

Murabbiyga xalqaro maydonda barqaror natijalarni mustahkamlash, yoshlar uchun zamonaviy tayyorgarlik tizimini yo‘lga qo‘yish, jamoani, jumladan 2026 yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Jahon shaxmat olimpiadasiga sifatli tayyorlash kabi aniq vazifalar yuklatilgan.

ℹ️ Rustam Qosimjonov 2004 yili Tripolida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib chiqqan, keyin esa hindistonlik Vishvanatan Anandaning chempionatdagi baxslarida unga murabbiylik qilgan, Magnus Karlsenga qarshi toj uchun kurashlarda Sergey Karyakin va Fabiano Karuanening sekundanti bo‘lgan. Karlsenning o‘zi Qosimjonovga qarshi o‘ynash «juda qiyin» bo‘lganini ta’kidlagan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxmatni ommalashtirish ishlari faol olib borilmoqda. 2021 yil yanvar oyida Respublikada shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi. Xalqaro miqyosda sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston ilk bor shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqdi va Samarqandda rapid va blis bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Bir nechta yosh grossmeysterlar yetishib chiqdi, bugungi kunda dunyoning eng kuchli o‘yinchilaridan biri Nodirbek Abdusattorov shular jumlasidan.