Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) xodimlari Olmaotada terrorchilik hujumining oldini oldi, deb xabar beradi MXQ matbuot xizmati.
Terakt sentyabr oyida rejalashtirish bosqichida barbod qilingan, ammo bu faqat hozirda ma’lum qilindi. Bu ishni besh nafar chet el fuqarosi rejalashtirgan, ularning barchasi hibsga olingan va tergov olib borilmoqda. MXQ tergovning boshqa tafsilotlarini keltirmagan.
MXQ ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning sentyabr va oktyabr oylarida sakkiz nafar Qozog‘iston fuqarosi ham terrorizmni targ‘ib qilishda gumon qilinib hibsga olingan. Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, bu davrda olti kishi terrorchilik va ekstremistik jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yil boshidan beri 89 kishi, jumladan, olti nafar chet el fuqarosi shunga o‘xshash jinoyatlar uchun sudlangan.
O‘tgan yili MXQ Qozog‘istonda to‘rtta terrorchilik hujumini oldini olgani haqida xabar berilgandi. Faqat ikki epizod bo‘yicha tafsilotlar ma’lum. Shunday qilib, 2024 yil aprel oyida xavfsizlik xizmati xodimlari Aktauda radikal diniy mafkura tarafdorini hibsga oladi. Tintuv paytida ular portlovchi moslamalar yasash uchun zarur bo‘lgan komponentlarni topganlar. Xabarlarga ko‘ra, erkak Mang‘istov viloyatidagi davlat idorasida terakt uyushtirishni rejalashtirgan. U 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
O‘sha yilning noyabr oyida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari Qozog‘istondagi jazoni ijro etish muassasasiga qarshi terakt uyushtirishni rejalashtirgan gumondor shaxs va uning sheriklarini hibsga olishgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yili jami 84 kishi terrorizm va ekstremizmda ayblanib sudlangan, 44 kishi hibsga olingan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


