O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov vafot etdi

Yoqub Ahmedov. zamin.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston xalq artisti, teatr san’ati ustasi Yoqub Ahmedov 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek Milliy akademik drama teatri o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Ahmedov o‘zbek sahnasining taniqli namoyandalaridan biri bo‘lib, ko‘plab spektakl va filmlarda rollar ijro etgan.

U 1938 yili Namanganda tug‘ilgan. 1959 yili Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutini (hozirgi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti) tamomlagan. 1958 yildan boshlab san’atkor Hamza nomidagi akademik drama teatrida (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) ishlagan. Ahmedov respublika teatr san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirdi, 50 ga yaqin unutilmas sahna rollarini yaratdi.

1990 yillar oxirlarida u teatr direktori bo‘ldi va bu lavozimda 2013 yilgacha ishladi. 2015 yili ustoz san’atkor «Aktyorlik maktabi» studiyasini tashkil etdi va u yerda bir necha avlod iste’dodli yoshlarga saboq berdi.

Ahmedov hayotining ulkan qismi kino bilan bog‘liq bo‘ldi. Faoliyati davomida u yuzlab filmlarda, jumladan, «Maftuningman», «Ali Bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari», «Furqat», «O‘tgan kunlar», «Shaytanat» va boshqa filmlarda rol o‘ynagan. Shuningdek, u filmlarni o‘zbek tiliga dublyaj qilishda faol ishtirok etgan, 400 dan ortiq film qahramonlariga ovoz bergan.

1974 yili Ahmedov O‘zbekiston SSR xalq artisti, 1990 yili esa SSSR xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u «Do‘stlik» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibidir.