O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadigan Samarqandga tashrifini Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilish bilan boshladi. Davlat rahbari tarixiy majmua qurilishining yakuniy bosqichini va uning hududida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, davlat rahbari tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis olimning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi.
Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlaydi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Prezident har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilgan. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.
Davlat rahbari majmuaga tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklarni kengaytirish va yashil maydonlarni ko‘paytirishni buyurdi.
Shuningdek, Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.



