«Turkmanximiya» davlat konserni raisi vazifasini bajaruvchi Tangriguli Atayev 2022 yili mashinada bir kishini urib yuborgan va u inson o‘lgan. Ammo Atayev 10 000 dollar pora evaziga jazodan qutulib qolgan, deb xabar beradi Turkmen.news nashri.
Fojia 2022 yil yozida Ashxobodda sodir bo‘lgan. O‘sha paytda «Turkmanximiya» tashqi iqtisodiy aloqalar departamentida katta mutaxassis bo‘lib ishlagan Atayev kunduzi mashinasini yuqori tezlikda boshqarib, piyodalar o‘tish joyida bir kishini urib yuborgan. Erkak voqea joyida vafot etgan, uning xotini va bolalari qarovsiz qolgan.
Haydovchining yetti yilgacha qamalishi, keyinchalik uning uch yilgacha ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanishi mumkin bo‘lgan. Biroq, Ashxobod politsiyasi tergovchisi 10 000 dollar pora evaziga transport vositasi ekspertizasini soxtalashtirgan, natijada mumkin bo‘lmagan joyda yo‘lni kesib o‘tgan piyoda aybdor bo‘lib chiqqan. Jabrlanuvchining oilasi ham ishni davom ettirishdan bosh tortgani evaziga katta miqdorda pul olgan.
Xabar qilinishicha, «Turkmanximiya»da ishlaydigan asosiy korrupsiyanerlardan biri Murod Chariev Atayevga pulni yetkazib bergan. O‘sha paytda u Tashqi iqtisodiy aloqalar departamentini boshqargan va Atayevning bevosita rahbari bo‘lgan. Keyinchalik kadrlar o‘zgaradi: 2023 yili Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergov davomida Chariyev lavozimidan tushiriladi va ishdan bo‘shatiladi. Atayev jiddiy kamchiliklari uchun ishdan bo‘shatilgan Dovrangeldi Sapbayevning o‘rnini egallab, uch oydan beri mamlakat kimyo sanoati vaziri lavozimini egallab kelmoqda.
«Turkmanximiya» davlat konserni mamlakatning asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda bu tashkilotdagi korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikga oid janjallar haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Masalan, 2021 yili turkmen.news va uning hamkorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar Turkmaniston karbamid eksportidan asosiy foyda oluvchi shaxs prezident Serdar Berdimuhamedovning amakivachchasi Hojimurat Rejepov ekanini aniqlagan. Uning «Ak Xazina» va Caran Holdings kompaniyalari Davlat tovar- xomashyo birjasidagi kim oshdi savdolarida rasman ishtirok etgan, ammo butun karbamid hajmini boshlang‘ich narxda — bozor qiymatidan ancha past narxda sotib olgan va chet elga eksport qilgan.



