O‘zbekiston prezidenti YUNESKO direktori Odri Azulega «Do‘stlik» ordenini topshirdi

Odri Azule va Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) direktori Odri Azulega «Do‘stlik» ordenini topshirdi. Davlatning yuksak mukofotini topshirish marosimi Samarqandda bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, Azule xonimga fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda o‘zbek xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun mukofot topshirildi.

Mirziyoyev va Azule o‘rtasidagi uchrashuv Samarqandda boshlanadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oldidan bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, ushbu tadbir tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohi tashqarisida 40 yildan beri birinchi marta o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti va uning mehmoni mamlakat va BMTning nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator masalalarni muhokama qilishdi.

YUNESKO direktori O‘zbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etishi, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng ko‘lamli ishlariga ijobiy baho berdi. Jumladan, YUNЕSKOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning tashabbusi bilan YUNЕSKOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilingani qayd etildi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev va Azule hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga hamda ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.