Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) Turkmanistonda ikkinchi OFK Chempionlar ligasi o‘yinlarini o‘tkazishni taqiqlash qarorini qayta ko‘rib chiqdi va 5 noyabr kuni «Arkadag» FKga o‘z uy stadionida Qatarning «Al-Ahli» jamoasi bilan o‘ynashiga ruxsat berdi. Bu haqda «Farg‘ona» nashriga vaziyatdan xabardor manba ma’lum qildi.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, OFK joriy yil sentyabr oyi o‘rtalarida «Axal» FKning Iordaniyaning «Al-Husayn» jamoasiga qarshi o‘yinidan (1-4) so‘ng «Arkadag» stadioni haqida ogohlantirish bergan. O‘sha paytda maydondagi maysazorni almashtirish taklif qilingan. Talab shoshilinch, turli xil maysazorlarni yotqizish orqali qondirilgan. Bu esa maydon sathining o‘zgarishiga, sportchilar uchun xavfli bo‘lishiga olib kelgan.
Natijada «Andijon» jamoasi hatto «Arkadag»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishdan bosh tortgan, ammo diskvalifikatsiya tahdidi ostida o‘ynashga majbur bo‘lgan (0-0). Ushbu o‘yindan so‘ng OFK ushbu stadionda o‘yinlarni taqiqlash borasida qaror qabul qilgan. Shuning uchun «Axal» keyingi uy o‘yinini Eronda o‘tkazgan.
«Arkadag» Qatarning «Al-Ahli» jamoasiga qarshi o‘yinni Qatarda o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan va shu bilan birga OFK bilan muammoni hal qilishga harakat qilgan. Oxir-oqibat, Turkmaniston futboli rasmiylari maydonni to‘g‘ri holatga keltirish sharti bilan OFK rasmiylarini «Arkadag»ga o‘z stadionida o‘ynashga ruxsat berishiga ko‘ndirishgan.
Ta’kidlash joiz, «Arkadag» stadioni bu yil yana ikkita o‘yinni qabul qilib olishi rejalashtirilgan: «Arkadag» 5 noyabr kuni «Al-Ahli» va 24 dekabr kuni Bahraynning «Al-Xolidiya» jamoasiga qarshi o‘ynaydi. «Axal»ning uy o‘yinlari qolmagan, chunki Hindistonning «Mohun Bagan» jamoasi diskvalifikatsiya qilingan va turnirdan chetlashtirilgan.
 
	 
			 
			 
			 
			 
			 
			


