Finlyandiya prezidenti O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Aleksandr Stubb Islom sivilizatsiyasi markazida. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Toshkentga rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Stubbga markaz rahbariyati va olimlar hamrohlik qilib, jahon ilm-fani va islom olamida ulkan ahamiyat kasb etguvchi mazkur majmuaning ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi. Mehmon ko‘rganlaridan hayratga tushdi.

«Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir detal chuqur o‘ylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shu darajada zamonaviy shaklda yetkazib berish — bu yuksak san’at va buyuk mahorat talab etadi. Bu Markaz nafaqat o‘tgan asrlar merosini qayta jonlantirgan, balki kelajak avlod uchun ham ilhom manbaiga aylangan. Ayniqsa, interaktiv namoyishlar va innovatsion texnologiyalar yoshlarni o‘ziga jalb etadi. Ular bu yerda tarixni o‘qimaydi — uni his qiladi», — dedi prezident Finlyandiya prezidenti.

Stubb Markazda yaratilgan muhitda zerikish imkonsiz ekani, bu dargoh nafaqat o‘tgan asrlar merosini qayta jonlantirgani, balki kelajak avlod uchun ham ilhom manbaiga aylanganini ta’kidladi.

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Qozog‘istonga tashrifidan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan 30 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Qizig‘i shundaki, Yevropa mamlakati rahbari respublika poytaxtiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining muntazam reysida uchib keldi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.