Turkmanistonning «Demiryollari» («Turkmaniston temir yo‘llari») kompaniyasi bosh direktori Xaydir Rahmonov va uning hamrohi Moskvaning «Domodedovo» aeroportida hibsga olindi. Ularning shaxsiy buyumlari tintuv qilinganda. ularda noqonuniy giyohvand moddalar aniqlandi, deb xabar beradi Turkmen.news o‘z manbalariga tayanib.
Nashrning xabar berishicha, mulozim va uning hamrohi 4 oktyabr kechasi Ashxoboddan S7 reysi bilan Moskvaga uchib kelishgan. Bojxonada ayol o‘zini provokatsion tutib, ofitserlar e’tiborini tortgan. Uning buyumlarini tintuv qilish natijasida sintetik psixoaktiv modda bo‘lgan LSD tabletkalari topilgan. Ikkala yo‘lovchi ham darhol hibsga olingan.
Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Esen Aydogdiyev ishni «bosti-bosti» qilish uchun urinishlariga qaramay, Domodedovo shahar sudi sudyasi Dina Xansi Rahmonovni 3 dekabrgacha hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.
Bu turkman amaldorining chet elda hibsga olinishi bilan bog‘liq birinchi holat bo‘lishi mumkin. Biroq, mamlakat ichida ham yuqori lavozimli davlat amaldorlarining hibsga olinishi qayd etilgan. Masalan, 2003 yili Respublikaning o‘sha paytdagi Bosh prokurori Qurbonbibi Atajanova giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovi bilan hibsga olingan.
«Demiryo‘llari» kompaniyasi 2020 yili o‘sha paytdagi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning qarori bilan «Turkmendemiryollari» (hozirgi Temir yo‘l transporti vazirligi) negizida tashkil etilgan. Kompaniya mamlakat temir yo‘l infratuzilmasining bir qismiga egalik qiladi, yo‘lovchi va yuk tashishni amalga oshiradi, ko‘priklar va boshqa inshootlar quradi. Rahmonov tashkilot tashkil etilganidan beri unga rahbarlik qilib keladi. Uning ukasi Arkach Rahmonov Turkmaniston prezidenti xavfsizlik xizmatida zobit hisoblanadi.



