Qozog‘istonning ikki viloyati — Turkiston va Olmaota aholisi avtogaz taqchilligi haqida xabar berishdi. Haydovchilarning yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopiq va yoqilg‘i tugab qolganini da’vo qilayotgan videolari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘la boshladi, deb xabar berdi Tengrinews nashri.
Turkiston viloyati aholisi tomonidan suratga olingan videolardan biri «Prezidentga xatlar» Telegram kanalida e’lon qilindi. Avtogaz taqchilligi haqidagi shikoyatlardan tashqari, ba’zi avtogaz quyish shoxobchalari narxni belgilangan limitdan sezilarli darajada oshirgani ham xabar qilingan.
Energetika vazirligi ushbu videolarga izoh berib, mamlakatda avtogaz taqchilligi yo‘qligiga va ba’zi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi vaqtinchalik uzilishlar «oy oxirida oktyabr oyidagi yoqilg‘i ta’minotining tugashi bilan bog‘liq» ekaniga ishontirdi.
Bu Atirau neftni qayta ishlash zavodida rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish tufayli mamlakatda ishlab chiqarishning vaqtinchalik kamayishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Noyabr oyi uchun Turkiston viloyatiga 11 774 tonna gaz ajratilgan, shundan 1594 tonnasi allaqachon tranzitda.
Noyabr oyida Olmaota viloyatiga 6728 tonna gaz ajratilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatning yoqilg‘i zaxirasi 1214 tonnani tashkil etadi, bu esa kunlik 270 tonna talabni qondirish uchun yetarli.
Vazirlik shuningdek, avtogazni yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rtasida taqsimlash uchun akimat ishchi guruhi mas’ul ekanligini ta’kidladi. Narxlarning asossiz oshishi holatlari haqida 8 701 855 02 48 va 8 (7172) 57 44 81 ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish orqali xabar berish mumkin.
Oktyabr oyining boshida G‘arbiy Qozog‘istonda suyultirilgan tabiiy gaz tanqisligi kuzatilgan. Mang‘istov viloyatida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar paydo bo‘ldi va haydovchilar ta’minotdagi uzilishlardan shikoyat qilishdi. Oy oxirida Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi haydovchilar ham suyultirilgan gazning jiddiy tanqisligiga duch kelishgan. Ko‘pgina yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoqilg‘ini faqat kuponlar bilan tarqatishgan.



