O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasini tasdiqladi. Hujjat 2025-26 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashuvda giyohvandlikka asoslangan jinoyatchilik global muammoga aylanib borayotgani ta’kidlandi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odam bu illatga duchor bo‘lgan, uning oqibatida yiliga 300 mingga yaqin odam vafot etyapti.
Bu masala O‘zbekistonda ham dolzarbdir. Yil boshidan beri 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi. Har yili giyohvand moddalarning yangi turlari va noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etish usullari paydo bo‘lmoqda.
Jumladan, keyingi paytlarda iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.
«Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi», — dedi Mirziyoyev.
Tegishli idoralar vakillari davlat rahbariga noqonuniy giyohvand moddalar savdosini bartaraf etish bo‘yicha takliflarni, shuningdek, aholini ushbu tahdiddan samarali himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni taqdim etdilar.
Muammoni yanada qattiqroq jinoyat-huquqiy mexanizmlarni qo‘llash, yoshlarga nisbatan sodir etilgan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolarni kuchaytirish va onlayn tarqatuvchilar, uyushgan to‘dalar, laboratoriyalar va ularga himoya ko‘rsatadigan mansabdor shaxslarni aniqlash uchun keng ko‘lamli tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini tashkil etish orqali bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
O‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda shuningdek, tizimni tubdan takomillashtirish rejalari ma’lum qilindi.
	
			
			
			
			
			
			


