Qarag‘andalik fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda qozoqlarni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi

Alika Muxamadiyeva. Videodan kadr

Qozog‘istonning Qarag‘anda shahri sudi 23 yoshli tadbirkor ayol Alika Muxamadiyevani ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar va qozoqlar haqida haqoratli bayonotlar bergani uchun uch yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar beradi Kursiv.kz nashri.

Muxamadiyeva Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 174-moddasi 1-qismi («Ijtimoiy, milliy, qabilaviy, irqiy, sinfiy yoki diniy nafratni qo‘zg‘atish») bo‘yicha aybdor deb topilgan. Sud uning yosh farzandi borligi sababli jazoni ikki yilga kechiktirgan.

Sudlanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan va pushaymon bo‘lganini aytgan. Hukm hali kuchga kirmagan.

Ishga ayolning Threads ijtimoiy tarmoq saytidagi postlari sabab bo‘lgan, u yerda ayol «Qozog‘iston nimasi bilan mashhur?» degan savolga «mambetlari bilan» deb javob bergan. Boshqa postlarda Muxamadiyeva musulmonlarni «cho‘chqalar» va qozoq tilini «yarim kalbit lahjasi» deb atagan. Uning bayonotlari bahs-munozaralarga sabab bo‘lganidan so‘ng, Muxamadiyeva mamlakatdan qochishga uringan, ammo hibsga olingan.

U iyul oyidan beri sudgacha hibsda saqlangan. Sud jarayoni 14 oktyabrda boshlangan.

Mazkur ish bo‘yicha sud majlislaridan birida tadbirkor ayol o‘zining xatti-harakatlarini og‘ir emotsial holati bilan tushuntirgan. U haqoratli izohlarni yozishdan oldin buvisining o‘limini boshdan kechirgani va avtohalokatga uchraganini aytgan.