Serbiya рrezidenti Aleksandr Vuchich Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Aleksandr Vuchich Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida. cisc.uz sayti fotosurati

Toshkentga rasmiy tashrifi davomida Serbiya рrezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga (ITSM) tashrif buyurdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Vuchich Markazga rafiqasi Tamara bilan keldi. Ularga ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlarga muzeyning noyob arxitekturasi va besh zalli ko‘rgazmasi taqdim etildi va ularga ITSMning maqsad va vazifalari haqida so‘zlab berildi.

Ekskursiyadan so‘ng Vuchich tarixiy va ma’naviy merosni saqlash va namoyish etish bo‘yicha sa’y-harakatlar, albatta, munosib natijalar berishini ta’kidladi.

«Men sizning Prezidentingizni va mamlakatingizni ana shunday muhtasham majmua ishga tushayotgani bilan tabriklamoqchiman. Avvalo bizga ushbu muhtasham markaz bilan yaqindan tanishish imkoni berilgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bu yirik ilmiy-ma’rifiy markaz nafaqat xorijdan kelgan mehmonlar uchun, balki yosh avlod vakillari uchun ham juda katta ahamiyatga ega. Chunki ular bu markaz orqali o‘zbek xalqi madaniyati va tarixi bilan tanisha oladilar. Shuning uchun men bugun juda ko‘p narsani o‘rgandim deb o‘ylayman va albatta bu yerga yana qaytaman. Men serbiyalik barcha vatandoshlarimga shunday degan bo‘lardim: «Azizlarim, men juda katta xato qilganman, chunki O‘zbekistonga ilgari hech qachon kelmaganman. Iltimos, imkon qadar tezroq bu yurtni ko‘rish uchun kelinglar»», — dedi Vuchich.

Serbiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi Markaziy Osiyo respublikasi rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirildi. Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuni ta’kidlash lozim, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish yuqori martabali mehmonlar uchun yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Avvalroq Markazga Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb tashrif buyurdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.