O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev turli mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qildi. Davlat rahbari bu haqda Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston kambag‘allikni 35% dan 6,6% gacha kamaytirishga muvaffaq bo‘lganini va bu sohadagi islohotlar davom etayotganini ta’kidladi. Biroq, endi bu masala bo‘yicha xalqaro hamkorlikni faollashtirish zarur.
«Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz», — deb ta’kidladi prezident.
Davlat rahbari bandlik muammolarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi. Bugungi kunda yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning rivojlanishi millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelmoqda, bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezident «Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus»ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy muammolarni hal qilishning yana bir yo‘li — barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishdir. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollarini tashkil etadi. Bu salbiy holat yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi. Prezident Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha global alyans yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni qo‘llab-quvvatladi va keyingi shunday forumni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Mirziyoyev mehnat migrantlari va ularning oilalarini tizimli himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda ushbu mavzu bo‘yicha forumni Toshkentda o‘tkazishga va tegishli Global dasturni tasdiqlashga tayyor.
Prezidentimiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Yakunda Mirziyoyev sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.
ℹ️ Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.



