Nature jurnali hisob-kitoblarida O‘zbekiston iqtisodiy ko‘rsatkichlariga oid jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanganidan so‘ng, iqlim o‘zgarishi asoratlariga doir ilmiy nashrni rasman qaytarib oldi. Ushbu mamlakatga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar dunyo iqtisodiyoti yo‘qotishlariga bag‘ishlangan prognozni sezilarli darajada buzib ko‘rsatgan, deyiladi 3 dekabr kuni chop etilgan raddiyada.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, tadqiqot natijalari aynan O‘zbekiston uchun juda sezilarli bo‘lgan. Ushbu mamlakatga oid 1995-1999 yillardagi dastlabki ma’lumotlarda jiddiy noaniqliklar mavjudligi aniqlangan. Mualliflar bu xatolar maqolani hozirgi shaklida saqlab qolishni imkonsiz qilishini tan olishgan.
Maqolada bashorat qilingan katta miqyosdagi yo‘qotishlar bir mamlakatga nisbatan yo‘l qo‘yilgan statistik xatolarning bevosita natijasi bo‘lib chiqqan. Stenford universitetining Global siyosat laboratoriyasi direktori Solomon Syan anomaliyani eksperimental yo‘li bilan aniqlagan. U O‘zbekistonni ma’lumotlar to‘plamidan chiqarib tashlash yakuniy raqamlarni keskin o‘zgartirganiga guvoh bo‘lgan.
Dastlabki modelda O‘zbekiston YAIMi 2000 yilda qariyb 90% ga qisqargan deb taxmin qilingan. Biroq, 2010 yili mamlakatning ayrim hududlarida 90% dan ortiq o‘sish kuzatilgani aytilgan. Bunday tebranishlar rasmiy iqtisodiy statistikaga zid keladi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi so‘nggi 40 yil ichida nisbatan barqaror bo‘lgan. Ko‘rsatkichlar 0,2% dan 7,7% gacha o‘sishni ko‘rsatgan.
Qayta hisoblashdan so‘ng, 2100 yilga kelib global YAIMning prognoz qilingan pasayishi e’lon qilingan 62% dan 23% gacha, 2050 yilga kelib esa 19% dan 6% gacha kamaygan. Iqlim o‘zgarishining global YAIMga 2050 yilga kelib yetkazgan zarari endi 19% o‘rniga 17% ga baholanmoqda.
ℹ️ Qaytarib olingan maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va 2024 yili matbuotda eng ko‘p tilga olingan ikkinchi maqolaga aylangan. Unda keltirilgan ma’lumotlar eng yuqori darajada strategik rejalashtirish uchun ishlatilgan. AQSH hukumati, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar olimlar xulosalariga tayanishgan.



