Mirziyoyev energetika sohasini yanada rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi

Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston kelgusi yillari IT, sun’iy intellekt va «buyumlar interneti» kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy superkompyuter klasteri va data-markazlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bunday tashabbuslarni amalga oshirish elektr energiyasiga bo‘lgan talabni kamida 1,5 baravar oshirishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasini rivojlantirishning beshta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Birinchidan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada «yashil» energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.

Ikkinchidan, xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb etishni kengaytirish. Joriy yildan xususiy sheriklik tamoyillari nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham qo‘llanmoqda. Jumladan, Turkiyaning Aksa Elektrik kompaniyasi bilan Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xorijiy hamkorlar tizimni modernizatsiya qilishga sarmoya kiritadilar, bu esa resurs yo‘qotishlarini ikki baravar kamaytirish orqali yiliga 20 million dollargacha tejashga imkon beradi.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, shunga o‘xshash tashabbuslar kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshiriladi va 2027 yilda ular Namangan va Toshkent viloyatlariga ham tatbiq etiladi.

Uchinchidan, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini faol qo‘llab-quvvatlash. Yangi yilda 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi. Bu ijtimoiy loyiha 30 mingta kambag‘al oilani «yashil» energiya bilan ta’minlash imkonini beradi. Ular o‘z ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Prezident tadbirkorlar bu yili 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurganini ta’kidladi. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishdi. Ushbu dastur kelajakda ham davom yetadi.

To‘rtinchidan, yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida mamlakatimiz o‘z tashabbusi bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmasiga oldi: O‘zbekistonda 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasi 50 foizga qisqartirilishi maqsad qilindi. Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion iCRAFT loyihasi ishga tushirildi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxona «yashil» energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalar soni 100 taga yetkaziladi.

Beshinchidan, qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklikni mustahkamlash. Mintaqa gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan «Qambar-ota GES-1» loyihasini moliyalashtirishga kirishiladi.

Davlat rahbari Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha «yashil koridor» loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

«Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta to‘liq barpo etamiz», — deya xulosa qildi Mirziyoyev.