Rossiya gospitalidan qochib ketgan O‘zbekiston fuqarosi o‘z yurtida ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi

krasrab.ru sayti fotosurati

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 40 yoshli R.I.ni yollanish moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, to‘rt yillik ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi. Bu haqda UzNews.uz sud hukmiga tayanib xabar berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Rossiyada bo‘lganida R.I. mahalliy ayolga uylangan va 2015 yili Rossiya pasportini olgan. U O‘zbekiston fuqaroligini saqlab qolgan.

2023 yildan boshlab u Rossiyadan tashqariga chiqish uchun bir necha bor xorij pasportini olishga uringan. 2025 yil mart oyida migratsiya xizmati xodimlari unga pasport faqat harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tgandan keyingina berilishini tushuntirishgan.

R.I.ning so‘zlariga ko‘ra, u harbiy komissariatda sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar va jang qilish istagi yo‘qligini aytgan. Shunga qaramay, uni Primorsk o‘lkasida joylashgan harbiy qismga majburan yuborishgan.

Xizmat paytida erkak uni Ukrainadagi jangovar zonaga jo‘natishga tayyorlashayotganlarini tushunib yetgan. U qo‘mondonlikka churrasi borligi aytgan. Shundan so‘ng uni harbiy gospitalga yuborishgan. Gospitalda uni operatsiya qilishgan, shundan so‘ng R.I. o‘z harbiy qismiga qaytmasdan, beruxsat bu yerni tark etgan va 9 iyul kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Qaytib kelgach, R.I. ixtiyoriy ravishda Qashqadaryo viloyati Davlat xavfsizlik xizmatiga (DXX) murojaat qilgan. U pushaymon ekani to‘g‘risida ariza yozgan va Rossiya tomonidan e’lon qilingan maxsus harbiy operatsiyada (MHO) ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilgan.

Ish materiallarini ko‘rib chiqqandan so‘ng, sud R.I.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi («Yollanish») bo‘yicha aybdor deb topgan va ish holatlarini hisobga olgan holda uning erkinligini vaqtincha cheklagan.

ℹ️ «Farg‘ona» O‘zbekistonda yollanish moddasi bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilayotgani haqida bir necha bor yozgan. Masalan, shu yilning oktyabr oyida 55 yoshli namanganlik fuqaro Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Rossiya armiyasida xizmat qilgani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bundan oldin Buxoro viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli fuqaro Lugansk viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Surxondaryolik 25 yoshli yigit so‘zlariga ko‘ra, undan «deportatsiya hujjati» o‘rniga Rossiya armiyasi bilan shartnomani imzolatib olishgan va shundan so‘ng Ukrainaga yuborishgan. Yigit uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shu yilning noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati 2022 yildan beri O‘zbekistonda fuqarolarning xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etganiga doir 338 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi.