Xitoy banklari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi harajatlarining 50 foizini moliyalashtiradi

gov.kg sayti fotosurati

Xitoy banklari sindikati Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi uchun 35 yil muddatga kredit sifatida qariyb 2,3 milliard dollar ajratadi. Bu haqda 16 dekabr kuni Bishkekda kelishuv imzolandi, deb xabar beradi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.

Hujjat loyihada ishtirok etuvchi uch davlat tomonidan tashkil etilgan «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi» (qo‘shma loyiha kompaniyasi, QLK) hamda Xitoy banklari sindikati, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat taraqqiyot banki va Eksim banki vakillari tomonidan ma’qullandi. Hujjatlarni imzolash marosimida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Baxit Toroboyev ishtirok etdi.

Qirg‘iziston hukumatiga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. 2,3 milliard dollarlik kreditni qaytarish majburiyatlari bevosita qo‘shma loyiha kompaniyasiga yuklangan. Qolgan 2,3 milliard dollar QLK ustav kapitaliga uch davlatning badallari hisobidan shakllantiriladi. Ushbu moliyalashtirishdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Xitoy mablag‘ning 51%, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri 24,5%dan hissa qo‘shadi.

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 km bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel quriladi. Bu butun yo‘nalishning taxminan 40% tunnel va ko‘priklar orqali o‘tishini anglatadi. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 km bo‘ladi.

2024 yil aprelida ushbu temir yo‘l qurilishi qiymati 8 milliard dollarga baholangani xabar qilingan edi. Yo‘lning uzunligi qariyb 454 km bo‘lib, shundan 280 tasi Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. Butun liniya bo‘ylab 18 ta stansiya, 81 ta katta va o‘rta ko‘prik, 41 ta tunnel qurish rejalashtirilgan.

ℹ️ Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi. Magistral Xitoydan Yaqin Sharq mamlakatlarigacha bo‘lgan yo‘nalishni taxminan 900 km ga qisqartiradi, transport xarajatlarini kamaytiradi va yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan 7-8 kunga qisqartiradi. Mazkur yo‘l Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport infratuzilmasini rivojlantirishni ta’minlashi, Fors ko‘rfazi va Tinch okeani portlariga qulay kirishini ta’minlashi kutilmoqda.

2024 yil 6 iyun kuni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida qurilish loyihasini birgalikda ilgari surish to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Loyihani amalga oshirish o‘sha yil27 dekabrida boshlangan.