Qozog‘iston Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shnichiligini strategik ustunlik deb biladi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bu haqda Tokiodagi BMT universitetida qilgan ma’ruzasida ta’kidladi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilari — Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirmoqda. Biz bu qo‘shnichilikni strategik ustunlik deb bilamiz, bu Qozog‘istonga butun Yevrosiyo bo‘ylab ishonch va aloqani rivojlantirish imkonini beradi», — dedi qozoq yetakchisi.
U Ostona shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi bilan uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirayotgani, Yaqin Sharq, Osiyo va Global Janubdagi aloqalarni mustahkamlayotganiga urg‘u berdi. «Yaponiya Qozog‘iston uchun katta ahamiyatga ega va biz savdo va investitsiya munosabatlarida yangi imkoniyatlarni ochish uchun do‘stligimiz va hamkorligimizni chuqurlashtirishda davom etamiz», — deb ta’kidladi To‘qayev.
«Bunday muvozanatli va xolisona yondashuv tobora geosiyosiy jihatdan parchalanib borayotgan dunyoda Qozog‘istonning konstruktiv diplomatiyasini mustahkamlaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
To‘qayev hozirda Yaponiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi, safar 20 dekabr kuni yakunlanadi. Tashrif davomida Qozog‘iston prezidenti imperator Naruxito bilan uchrashdi va Bosh vazir Sanae Takaiti bilan muzokaralar olib bordi. Shuningdek, To‘qayevning Yaponiya-Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etishi rejalashtirilgan.



