Toshkent Moskvani RFdagi migratsiya reydlari paytida O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini poymol qilmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston Rossiyadan migratsiya tekshiruvlari va reydlari paytida o‘z fuqarolari, jumladan, migratsiya qonunlarini buzganlarning huquqlarini poymol qilmaslikni talab qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

26 yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish bo‘ldi. Rossiya o‘lkalarida ishlayotgan O‘zbekiston bosh konsullari muhokamada ishtirok etishdi, bu esa joylardagi real vaziyatni inobatga olish imkonini berdi. Uchrashuvda Rossiyani elchixonaning konsullik bo‘limi rahbarlari, migratsiya mutaxassislari va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari taqdim etishdi.

«O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining – ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning – huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi printsipial ahamiyatga ega ekanini alohida ta'kidladi», — deyiladi TIV xabarida.

Uchrashuv yakunida tomonlar migratsiya jarayonlarini soddalashtirish va Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning qonuniy faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida pragmatizm va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Mamlakatlar hamkorlikni yaxshilash uchun muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazib turishga kelishib oldilar.

ℹ️ Rossiyada sodir bo‘lgan bir qator noxush voqealardan so‘ng, o‘zbekistonlik migrantlar huquqlarini himoya qilish masalasi ayniqsa dolzarb bo‘lib qoldi. Masalan, 2025 yil iyunь oyida O‘zbekiston rasmiylari Moskvaning Sokolьniki tumanida xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilgan reyddan xavotir bildirdilar, OAV xabarlari va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda migrantlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan. Yotoqxonadagi ishchi migrantlar hujjatlarini tekshirish paytida Rosgvardiya xodimlari barchani xonalaridan sudrab chiqishgan, sekin harakat qilganlarni tepib, haqorat qilishgan. Natijada, migratsiya qoidalarini buzganligi uchun besh-olti kishi hibsga olingan va Rossiyadan deportatsiya qilingan.

O‘zbekiston hukumati huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ayrim huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan chet elliklarga qo‘pol munosabatda bo‘lganlik voqealari afsuslanarli va xavotirli holat ekanini ta'kidlagandi. Agentlik bunday hodisalar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga zid ekanini va ularning oldini olish uchun aniq choralar ko‘rilishini talab qilgandi.

Rossiyada markaziy osiyolik migrantlar ahvoli 2024 yil mart oyida «Krokus Siti Xoll» kontsert zalida sodir etilgan teraktdan so‘ng anchagina yomonlashdi. Ma'lumki, o‘shanda terakt oqibatida 140 dan ortiq odam qurbon bo‘lgandi. Hujumda gumon qilinganlar Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Shundan so‘ng, xavfsizlik kuchlari xosetllar, yotoqxonalar va chet elliklar to‘planadigan boshqa joylarga reydlarni kuchaytirdi va deportatsiya qilinganlar soni keskin oshdi.

2024 yil yozida Rossiya parlamenti deputatlari migratsiya qonunchiligiga katta o‘zgartirishlar kirituvchi paketni qabul qilishdi. Politsiyaga chet elliklarni nazorat qilish uchun katta vakolatlar berildi. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari endi sud qarorisiz migrantlarni 48 soat ushlab turishi va deportatsiya qarorini qabul qilishi mumkin.

2025 yil 5 fevralda «deportatsiya rejimi» va nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirildi. Ushbu reyestrga kiritilgan chet elliklar Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin va ularga ko‘chmas mulk va avtomobilь sotib olish, turmush qurish yoki bank hisob raqamlarini ochish taqiqlanadi.

2025 yil noyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi taxminan 160 000 O‘zbekiston fuqarosini nazorat ostidagi shaxslar reyestridan chiqardi. Ularning 70 mingdan ortig‘i migratsiya idoralari bilan huquqiy maqomi hal qilingandan so‘ng ro‘yxatdan o‘chirildi. Qolganlari boshqa sabablarga ko‘ra, jumladan, belgilangan muddatda Rossiyani tark etishlari sababli olib tashlandi.

Shuningdek, noyabr oyida Olimjon Abdullayev Rossiya elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashib, chet el fuqarolari farzandlari uchun Rossiyada maktabgacha va maktab ta'limidan foydalanish imkoniyatini muhokama qilgandi. Migratsiya tekshiruvlari va reydlar masalasi ham alohida muhokama qilingandi. O‘zbekiston tomoni bunday choralar fuqarolarning qonuniy huquqlarini buzmasdan, to‘g‘ri va inson qadr-qimmatini hurmat qilgan holda amalga oshirilishi kerakligini ta'kidlagandi.