«Rosatom» O‘zbekistonga bo‘lajak AES negizida atom klasterini barpo etishni taklif qildi

Aleksey Lixachev va Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistondagi kichik atom elektr stantsiyasida (KAES) «nafaqat stantsiya huzurida atom shahri, balki atom klasteri»ni yaratishni taklif qildi. Bu haqda korporatsiya bosh direktori Aleksey Lixachev ma'lum qildi.

«[Biz] biroz innovatsion yondashuvni qo‘lladik: O‘zbekiston rahbariyatiga nafaqat atomchilar shahrini, balki yadro tibbiyoti, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va materialshunoslikni ham qamrab oluvchi atom klasterini barpo etishni taklif qildik. Tabiiyki, bizning asosiy ilmiy tashkilotimiz bo‘lgan Kurchatov instituti ham bu ishga qo‘shildi», — dedi Lixachev «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervьyusida.

Korporatsiya bosh direktori mazkur majmua «o‘zining raqamli sanoati, raqamli yechimlari va ma'lumotlarni qayta ishlash markazi»ni talab qilishini qo‘shimcha qildi.

«Shunday qilib, biz nafaqat faoliyat yurituvchi tashkilot uchun shaharcha yaratish, balki kelgusi o‘n yilliklarda 20-30 ming xodim istiqomat qilishi rejalashtirilgan butun innovatsion atom, yadro klasterini yaratish haqida so‘z yuritishimiz mumkin», — dedi Lixachev.

27 yanvar kuni «Rosatom» bosh direktori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda mamlakatda atom elektr stantsiyasini qurish va yadro sohasidagi hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari muhokama qilindi. Lixachev prezidentga ishlar jadal va jadvalga to‘liq muvofiq davom etayotganini ma'lum qildi.

«Qurilish maydonida ishlar jadal davom etmoqda: birinchi kam quvvatli energiya bloki uchun chuqur qazish ishlari 2025 yil oktyabr oyida boshlangan. Bu yilgi asosiy maqsad yadro orollari binolarining poydevor plitasi uchun beton quyishni boshlashdir. Belgilangan muddatlarga rioya qilish muhimligini hisobga olgan holda, biz shu bahorda beton ishlarini boshlashni maqsad qilganmiz», — dedi Lixachev.

ℹ️ O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida, jumladan, O‘zbekistonning birinchi AES qurilishi bo‘yicha hamkorlik shartnomasi 2017 yil dekabr oyida imzolangan edi. 11 milliard dollarga teng birinchi energiya bloki 2028 yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi. O‘shanda AES majmuasi har biri 1200 MVt quvvatga ega ikkita energiya blokidan iborat bo‘lishi taxmin qilingandi.

Keyinchalik kichik atom elektr stantsiyasini qurish va undan boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. KAESni loyihalash, yetkazib berish va qurish bo‘yicha «Rosatom» bilan yangi shartnoma 2024 yil 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi davomida Toshkentda imzolandi. Stantsiya Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida quriladi.

Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, bitta maydonda katta va kichik quvvatlarni uyg‘unlashtirish noyob hodisadir: «Dunyoda bunday narsa yo‘q va shu ma'noda bizning O‘zbekiston loyihamiz global ko‘rgazmaga aylanadi».