Yevropa Ittifoqi Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IIQK) terrorchi tashkilot deb topdi. 29 yanvarь kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qabul qilingan ushbu qaror Tehronga qarshi yangi sanktsiyalar paketining asosiy qismi bo‘lib, Eron rejimiga siyosiy bosimni kuchaytiradi va Yevropada IIQK bilan bog‘liq tashkilotlarni javobgarlikka tortish uchun huquqiy imkoniyatlarni kengaytiradi, deb xabar beradi Euronews.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi qo‘shimcha cheklovchi choralarni ma'qulladi: Bryussel tomonidan Ukrainadagi urushni dastaklagan va ichki repressiyani qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etgan deb hisoblangan taxminan 30 nafar shaxs va tashkilotga nisbatan sanktsiyalar qo‘llanildi. Ularning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi aktivlari muzlatiladi, Yevropa Ittifoqi fuqarolari va kompaniyalariga ushbu shaxslar va tashkilotlarni moliyalashtirish taqiqlanadi, kirishga taqiq qo‘yiladi va eksport cheklovlari kengaytiriladi.
▫️ IIQKni Yevropa Ittifoqining terrorchilar ro‘yxatiga qo‘shish to‘g‘risidagi qaror Frantsiya o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, avvalgi e'tirozlaridan voz kechganidan so‘ng, mavjud sanktsiyalarning takrorlanishi va Eron qamoqxonalarida saqlanayotgan frantsuz fuqarolari uchun xavflar borligidan xavotir bildirganidan so‘ng mumkin bo‘ldi. Ilgari Parij, boshqa bir qancha poytaxtlar qatori, Tehron bilan qolgan so‘nggi muloqot kanallarining butunlay uzilishidan qo‘rqib, bu harakatni to‘xtatib qo‘ygan edi.
Bryussel IIQK Erondagi Islom rejimini himoya qilish vazifasi yuklatilgan parallel armiya ekanini va Yevropa Ittifoqining fikriga ko‘ra, u minglab odamlar o‘limiga va o‘n minglab odamlarning hibsga olinishiga, shuningdek, so‘nggi ommaviy norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishiga, keng ko‘lamda internet va aloqalarning uzilishiga daxldor ekanini ta'kidlaydi.
Yevropalik inson huquqlari faollari va ayrim vazirlar o‘n minglab qurbonlar bo‘lishi mumkinligini ta'kidlashmoqda, Eron rasmiylari esa qurbonlarning faqat bir qismini tan oldi va norozilik namoyishlari safiga qo‘shilib olgan «terrorchilar»ni aybladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas (Kaja Kallas) IIQKni terrorchilar ro‘yxatiga kiritish uni «Al Qaeda», «Hamás» va «Daesh» kabi guruhlar bilan «bir xil darajaga» qo‘yishini va Tehronga aniq signal yuborayotganini aytdi: «agar terrorchi kabi harakat qilayotgan bo‘lsangiz, demak, sizga terrorchi sifatida munosabatda bo‘lish kerak». Uning ta'kidlashicha, sanktsiyalar kuchaytirilganiga qaramay, Eron bilan diplomatik aloqa kanallari ochiq qoladi.



