Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Asif o‘z mamlakating «sabrini tugatganini va endi Afg‘oniston bilan ochiqchasiga urush boshlanganini» e'lon qildi. Shuningdek, u qo‘shni davlatni boshqarayotgan toliblarni* «terrorizm eksportchisi»ga aylanib qolganlikda aybladi. Vazir o‘z bayonotlarini X ijtimoiy tarmog‘ida ma'lum qildi.
Mudofaa vaziri NATO kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng, «Tolibon» xalq manfaatlariga e'tibor qaratishi va mintaqada tinchlikni ta'minlashi kutilganini yozadi. Ammo buning o‘rniga, Asif ta'kidlashicha, radikal harakat «Hindiston proksi»siga aylangan — butun dunyodan jangarilarni to‘plab, terrorizmni eksport qila boshlagan. Bundan tashqari, toliblar o‘z mamlakati aholisini asosiy inson huquqlaridan mahrum qilishgan, jumladan, Islom tomonidan kafolatlangan ayollar huquqlarini poymol qilishgan.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston qo‘shni mamlakatda tirikchilik qilayotgan millionlab afg‘on qochqinlarini qabul qilish orqali normal hayotni saqlab qolish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirgan. Biroq, toliblarning navbatdagi hujumidan so‘ng sabr kosasi to‘lgan.
«Endi ochiqchasiga urush boshlandi», — dedi Mudofaa vaziri.
Islomobod Afg‘oniston hukumatini o‘z hududida afg‘on toliblariga mafkuraviy jihatdan yaqin bo‘lgan «Tehrik-i-Tolibon Pokiston» (TTP)* guruhi jangarilarini boshpana berganlikda bir necha bor ayblagan. Bir necha kun oldin Pokiston harbiy havo kuchlari chegara viloyatlarida havo hujumlarini amalga oshirib, terrorchilar pozitsiyalarini yo‘q qilgan. Bunga javoban toliblar ikki mamlakat o‘rtasida tan olinmagan chegara — Dyurand chizig‘i bo‘ylab operatsiyalarni boshlagan. OAVda har ikki tomondan yuzlab harbiylar qurbon bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Mojaroning kuchayishi Pokiston havo kuchlarining navbatdagi havo hujumiga olib keldi. Hujumda Afg‘oniston poytaxti Kobul, shuningdek, Qandahor va Paktiya viloyatlarida shaharlar nishonga olindi. Islomobod samolyotlar harbiy inshootlarni, jumladan, jangarilar shtab-kvartiralari va o‘q-dori omborlarini bombardimon qilganini da'vo qilmoqda. Afg‘on rasmiylari tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganini aytib, Pokiston rejimini xalqaro sudda javobgarlikka tortishga chaqirmoqdalar.
Bundan tashqari, «Tolibon» vakili Zabiulloh Mujohid Afg‘oniston terrorchilarga boshpana bermaganini va TTP Pokistonning ichki muammosi ekanini yana bir bor ta'kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, toliblar havo hujumlariga kuch bilan javob berishadi.
27 fevral kuni ertalab Afg‘oniston Mudofaa vazirligi havo hujumiga javoban chegara operatsiyasi yakunlanganini e'lon qildi. Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, toliblar ikkita shtab va 19 ta dushman postini, shuningdek, yuzlab yengil va og‘ir qurollarni qo‘lga kiritishgan.
Pokiston davlat ommaviy axborot vositalari o‘z navbatida Islomobod ham javob qaytarganini va mamlakat armiyasi Afg‘onistondagi bir nechta postlarni egallab olganini va «hal qiluvchi g‘alabaga» erishganini xabar qilishdi.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy harakatlar qayta boshlanganidan so‘ng ko‘plab siyosatchilar ikkala tomonni keskinlikni to‘xtatishga chaqirishdi. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish Kobul va Islomobodga muammolarni diplomatik yo‘llar bilan hal qilishni taklif qildi va shuningdek, chegaradosh davlatlar rasmiylari xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi va tinch aholi himoyasini ta'minlashi kerakligini eslatdi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



