Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mahalliy sobiq amaldorlar va amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn o‘rtasidagi aloqalarni, jumladan, uning respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov bilan aloqalarini tekshirishni boshlagan. Bu haqda Bosh prokuror Berik Asilov Senat majlisida ma'lum qildi, deb xabar beradi Tengrinews.kz.
«…Bu masalani butun dunyo muhokama qilmoqda. Shuning uchun biz, huquqni muhofaza qilish organlari sifatida aloqalar bo‘lganmi yoki yo‘q, shuni tekshiryapmiz», — dedi u. Asilov aniq bir kimsaning ismini aytmagan. Biroq, Epshteynning Karim Masimov bilan aloqalarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqdami, degan savolga u: «Dastlabki tergovni boshladik», deb javob bergan.
Nazorat mahkamasi rahbari Epteynning muqaddam Qozogʻistonga ehtimoliy tashrifiga oid tekshiruv ishlari olib borilayotganini ta'kidladi.
25 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti Majilisining (quyi palatasi) Milliy sotsial-demokratik partiyasi (MSDP) a'zolari Bosh prokuratura va Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga so‘rovnoma yuborib, ulardan sobiq yuqori lavozimdagi qozog‘istonlik amaldorlar va Epshteyn o‘rtasidagi hamkorlikni tekshirishni, shuningdek, uning Qozog‘istonga tashrifi haqidagi OAV xabarlarini tekshirishni so‘rashgan. «Karim Masimov nomi yozuvlarda kamida sakkiz marta tilga olingan. Yozuvlarda Epshteyn va Masimov shaxsan tanish bo‘lganligi aniq ko‘rsatilgan», — deyiladi so‘rovda.
MSDP deputati Asxat Rahimjanov Majiliy sessiyasida ta'kidlashicha, xorijiy OAV e'tiborini, shuningdek, Epshteyn va Qayrat Kelimbetovning (Milliy bankning sobiq raisi) Nyu-Yorkda birga ta'til o‘tkazgani jalb qilgan.
Ushbu bayonotga izoh berarkan, Bosh prokuror Berik Asilov bu holat «qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilishini» ta'kidladi.
Epshteyn 2019 yil 6 iyulda Nyu-York shtati huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olingan. Prokuratura 2002 va 2005 yillar oralig‘ida u Manxettendagi uyiga o‘nlab voyaga yetmagan qizlar, ularning eng kichigi 14 yoshda bo‘lgan, tashrifini uyushtirganina oid dalillarga ega ekanini ma'lum qilgan. Epshteynning do‘stlari va tanishlari orasida nafaqat AQShdan, balki boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelgan ko‘plab amaldagi va nafaqadagi amaldorlar, yetakchi tadbirkorlar va shou-biznes yulduzlari bo‘lgan. Moliyachiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar 2019 yil avgust oyida Epshteynning qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng to‘xtatilgan.



