O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, jumladan, mahalliy hokimliklar e'tiborini turizm va mashinasozlik sohasidagi loyihalarga qaratdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Respublika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatga 12,5 million sayyoh tashrif buyurgan. Ammo ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish orqali ko‘rsatkichni oshirish mumkin.
Shu munosabat bilan Xiva shahri, Bog‘ot va Xiva tumanlaridagi turizm mahallalarida servis ob'ektlari barpo etish, 59 ta mahalladagi 14 ta gavjum ko‘cha bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, tadbirkorlarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, 10,8 gektar maydonda joylashgan Sulaymon qal'a majmuasini yangi turistik ob'ekt sifatida kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, Urganch shahri orqali o‘tuvchi Shovot kanali bo‘yida turizm va servis ob'ektlari hamda ko‘ngilochar markazlar tashkil qilish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi.
Mirziyoyev yirik sanoat loyihalari haqida gapirarkan, Pitnakdagi avtomobil zavodi quvvatini oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 62 foizga yetkazish orqali yaxlit muhandislik klasterini shakllantirish muhimligini ta'kidladi. Shuningdek, Hazoraspda kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat, Shovotda mebelchilik va tekstilь yo‘nalishlarida yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilandi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, Xorazm viloyatining shahar va tumanlarini modernizatsiya qilish, yo‘l va suv infratuzilmasini yaxshilashga 1 milliard 600 million dollar ajratiladi. Jumladan, Gurlan tumanidagi 158 kilometr uzunlikdagi kanallarni rekonstruktsiya qilish, 270 nasos agregatini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish, O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi savdo zonasini moliyalashtirish va hokazo vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,8 trillion so‘mdan (229 million dollar) 34,3 trillion (2,8 milliard dollar) ga oshgan. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulot hajmi 63 trillion so‘mga (5,1 milliard dollar) yetgan, 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalar jalb qilingan.
Lekin zaif tomonlari ham bor, masalan, yoshlar bandligi masalasi. Zero, har yili 35 ming yigit-qiz mehnat bozoriga kirib keladi. Shu bois mutasaddilar ularni ish bilan ta'minlash choralarini ko‘rishlari kerak. Ayniqsa, viloyat aholisining 67 foizi istiqomat qiladigan qishloq joylarga e'tibor qaratish lozim. Xususan, prezident mahallalarda chorva va naslli chorva mollarini ko‘paytirish, hunarmandchilik, sanoat va xizmat ko‘rsatish mikromarkazlarini tashkil etish orqali 10 mingga yaqin aholini kambag‘allikdan chiqarish mumkinligini ta'idladi.
Umuman, joriy yilda xorijiy investitsiya hajmini 2 milliard dollardan, eksportni 510 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali yalpi hududiy mahsulotni 8,4 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,2 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,7 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mirziyoyev o‘tgan yili Xorazm viloyatida kambag‘allik darajasi 11,9 foizdan 6,7 foizga tushib, respublikadagi eng yuqori natija bo‘lganini eslatib o‘tdi. Biroq kambag‘allik darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi. Shu bois, yil yakuniga qadar ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamida 3 foizgacha qisqartirish asosiy vazifa sifatida belgilandi. Hazorasp, Xonqa, Shovot, Yangiariq, Yangibozor, Tuproqqal'a, Xiva va Urganch shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish vazifasi topshirildi.



