O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nufuzli Prix Versailles xalqaro arxitektura mukofoti tanlov qo‘mitasi tomonidan tuziladigan dunyodagi eng go‘zal muzeylar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guadin o‘z maktubida ma'lum qildi, deb xabar beradi ITSM matbuot xizmati.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov Prix Versailles 2026 global ro‘yxatiga kiritilishi «Markazni mintaqaning me'moriy dominanti va jahon miqyosida O‘zbekistonning zamonaviy madaniy tiklanishi ramzi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi», deya ta'kidladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Grand Prix Versailles unvonini, hamda «Interьer» va «Eksterьer» nominatsiyalari bo‘yicha sovrinlarni olishga da'vo qilmoqda. Ushbu unvonlar g‘oliblarini tantanali ravishda e'lon qilish 2026 yil oxiriga rejalashtirilgan.
Global reyting innovatsionlik, kreativlik, milliy merosni aks ettirish va ekologik samaradorlik kabi mezonlar asosida shakllantiriladi, deb ta'kidlaydi ITSM matbuot xizmati.
Prix Versailles — har yili yangi arxitektura, madaniy va estetik muhitni shakllantiradigan ajoyib zamonaviy loyihalarni taqdirlaydigan dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



