Eronga qarshi harbiy operatsiyalar Turkmanistonda narxlarning keskin oshishiga olib keldi

Turkmenportal sayti fotosurati

Eronga qarshi harbiy operatsiyalar boshlanganidan beri Turkmanistonda oziq-ovqat, maishiy kimyoviy moddalar, qurilish materiallari va sigaret narxlari keskin oshdi. Kartoshka va bodring narxi 3-3,5 baravarga, sitrus mevalari ikki baravarga, sigaretlar esa o‘rtacha 35-40% ga oshdi. Bu haqda Turkmen.news nashri xabar berdi.

O‘zining ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lishiga qaramay, Turkmaniston Eron importiga anchagina qaram hisoblanadi. Mahalliy iste'molchilar ko‘pincha Eron tovarlari sifatini o‘zlarinikiga qaraganda yuqori baholaydilar. Qo‘shni davlatdagi urush ta'minotni to‘xtatdi va narxlarning keskin oshishiga olib keldi.

Meva va sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshgan. Fevral oyi oxirida Ashxobodda bir kilogramm Eron kartoshkasi 5-6 manat (real kurs bo‘yicha 0,26-0,31 dollar, rasmiy kurs bir AQSh dollari uchun 3,5 manat) turgan. Hozir u 17 manat (0,87 dollar). Bodring narxi bir kilogramm uchun 8 manatdan (0,41 dollar) 17 manatgacha oshgan. Bir necha kun oldin 10 manat (0,51 dollar) dan sotilgan olma endi 17 manatga sotilmoqda.

Apelsin narxi ikki baravar oshgan — 9 manatdan (0,46 dollar) 18 manatgacha (0,92 dollar), mandarinlar esa kilogrammi uchun 12 manatdan (0,62 dollar) 22 manatgacha (1,13 dollar) oshgan.

Maishiy kimyoviy moddalar hozircha keskin oshmagan, ammo sotuvchilar bu faqat boshlanishi ekani haqida ogohlantirmoqda. Comfort suyuq kir yuvish vositasi 75 manatdan (3,85 dollar) 85-90 manatgacha (4,36-4,62 dollar) oshgan. AVE idish yuvish suyuqligi 9 manatdan (0,46 dollar) 15 manatgacha (0,77 dollar) oshgan.

Sigaret narxlari ham sezilarli darajada oshgan, o‘rtacha 35%. Marlboro: bir qutisi 95 manatdan (4,87 dollar) 170 manatgacha (8,72 dollar).

Turkmen.news nashrining qurilish sohasidagi manbalariga ko‘ra, sement, yog‘och, metall va boshqa materiallarning narxi o‘rtacha 40% ga oshgan. Ba'zi qurilish materiallari BAAdan Eron orqali kelgan. Endi bizneslar Gruziya va Ozarbayjon orqali muqobil yetkazib berish yo‘llarini izlashga majbur bo‘lmoqda, bu esa logistika xarajatlarini sezilarli darajada oshiradi. Shu bilan birga, Turkmaniston Bojxona xizmati transport vositalari va yuklarning Eron bilan chegarada joylashgan «Seraxs», «Artiq», «Hovdan» va «Oltin Asir» bojxona punktlari orqali o‘tishi odatdagidek davom etayotganini ma'lum qiladi.

«Ko‘rilgan choralar Turkmanistondan eksport qilinayotgan, shuningdek, xorijiy davlatlardan import qilinayotgan tovarlarni oluvchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta'minlamoqda», — deb ishontirdi xizmat.

Turkmaniston shuningdek, chet el fuqarolarini Erondan evakuatsiya qilishda yordam bermoqda. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining ma'lumotlariga binoan, 4 mart holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Rossiya, AQSh, Finlyandiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa 16 mamlakatdan 200 dan ortiq odam Islom Respublikasidan mamlakatga kirib kelgan.

ℹ️ 28 fevral kuni Isroil va AQSh Erondagi ob'ektlarga qarshi keng ko‘lamli hujumlar uyushtirdi. Yuzlab odamlar, jumladan, 175 maktab o‘quvchisi va o‘qituvchilar, shuningdek, Islom Respublikasi xavfsizlik kuchlarining bir nechta yuqori lavozimli xodimlari va Oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Bunga javoban Tehron Yaqin Sharq va Isroildagi AQSh bazalariga raketalar hujumini uyushtirdi. 3 mart kuni Donalьd Tramp AQShning «abadiy urush» uchun yetarli zaxirasi borligini e'lon qildi. Eron rasmiylari esa «urushni cheksiz davom ettirishga» tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar. Politico ma'lumotlariga ko‘ra, Eronga qarshi harbiy operatsiya kamida 100 kun, sentyabrgacha davom etadi.