Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida 2026 yil 7–11 iyul kunlari birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum mavzusi — «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li». Tadbirda 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmonlar, olimlar, ulamolar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumning asosiy maqsadi — xalqaro jamoatchilikka islomni tinchlik, ilm-fan, ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik dini sifatida namoyon etishdir.
Tadbir doirasida ilmiy muhokamalar, xalqaro ko‘rgazmalar, noyob qo‘lyozmalar taqdimotlari hamda islom sivilizatsiyasi merosiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatiga va Movarounnahr tarixi bilan bog‘liq mutafakkirlarning ilmiy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumga tayyorgarliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazini yanada rivojlantirish rejalari muhokamasi chog‘ida ma’lum qilingandi. Shuningdek, tayyorgarlik ishlari Qohiradagi Grand Egyptian Museumda o‘tkazilgan xalqaro taqdimot davomida ham muhokama qilingandi. Unda Markaz rahbariyati misrlik olimlar, tadqiqotchilar, muzeylar va akademik muassasalar vakillarini forumda ishtirok etishga taklif qilgandi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



