Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev psixologik faoliyat to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, psixologlarning davlat reyestri joriy etiladi hamda mutaxassislar uchun yagona malaka talablari belgilanadi. Bu haqda 2 iyul kuni davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat fuqarolarni onlayn maslahatlar bozorida faoliyat yuritayotgan malakasiz mutaxassislar va soxta psixologlardan himoya qilishga qaratilgan. Qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida senator Asem Rahmetova ta’kidlashicha, «hozirgi kunda soxta psixologlar va turli «kouch«lar ko‘payib ketgan, ular maslahat berish orqali pul topmoqda. Ularga ishongan ko‘plab odamlar esa aldov qurboniga aylangan».
Mazkur qonun Qozog‘istonda ilk bor psixologik faoliyatni kompleks tarzda tartibga solib, psixologning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Psixologlarning davlat reyestriga sohaga oid oliy ma’lumotga, tegishli diplomlarga hamda xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan mutaxassislar kiritiladi.
Psixologik faoliyat bilan shug‘ullanish va o‘zini psixolog deb atash huquqiga faqat davlat reyestridan o‘tgan shaxslar ega bo‘ladi.
Qonun psixologning kasbiy standartini joriy etadi. Unda ta’lim darajasi, kasbiy kompetensiyalar va mutaxassislarning malakasiga nisbatan yagona talablar belgilanadi. Shuningdek, psixologlar uchun yagona kasbiy axloq kodeksi tasdiqlanadi. Unda maxfiylikka rioya qilish, kasbiy mas’uliyat va kompetentlikka oid talablar mustahkamlanadi. Psixologik yordam sifatini oshirish maqsadida qonunda faqat ilmiy jihatdan asoslangan va sinovdan o‘tgan metodikalardan foydalanish nazarda tutilgan. Shuningdek, superviziya instituti ham joriy etiladi.
Qonunda psixologik faoliyat bilan tibbiy faoliyatni aniq ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Psixologlarga tibbiy tashxis qo‘yish va dori-darmon bilan davolashni tayinlash taqiqlanadi. Shuningdek, mutaxassislarga psixoaktiv moddalar yoki inson ongiga ta’sir qiluvchi boshqa usullardan foydalanishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Har qanday psixologik xizmat ko‘rsatilishidan oldin mijozlar xabardor qilingan holda o‘z roziligini berishlari shart bo‘ladi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining birinchi o‘rinbosari Yerbol Tuyakbayevning tushuntirishicha,
qonunni qo‘llash jarayonida davlat kasbning nomiga emas, balki ko‘rsatilayotgan xizmatning mazmuniga baho beradi. Agar shaxs o‘zini kouch, mentor yoki murabbiy sifatida tanishtirsa-yu, amalda fuqarolarning emotsional holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi xizmatlar ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bunday faoliyat ham ushbu qonun bilan tartibga solinadi.
Davlat reyestrini shakllantirish 2028 yildan boshlanadi. Bu vaqtga qadar mutaxassislar sertifikatlash jarayonidan o‘tishi va yangi talablarga tayyorlanishi kerak bo‘ladi.
Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda psixologlar 43 ta oliy ta’lim muassasasida tayyorlanmoqda. Bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida taxminan 17 ming talaba tahsil olmoqda, yiliga esa qariyb 4 ming nafar bitiruvchi diplom oladi. Prezident topshirig‘iga muvofiq, mamlakatning barcha hududlarida psixologik qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyat yuritmoqda. Faqat o‘tgan yilning o‘zida ular tomonidan taxminan 50 mingta psixologik maslahat xizmatlari ko‘rsatilgan.



